SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi qanday faoliyat yuritmoqda?

14:15 20 Avgust 2019 Jamiyat
80 0

2019-yil 20-avgust kuni Milliy matbuot markazida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirni ochar ekan, Markaz direktori, senator Rahmatulla Nazarov Markaz 2017-yil iyunda SHHTning Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan sammitida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyeyov ilgari surgan tashabbusi bilan tashkil etilganini va oʻz faoliyatida Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari bilan aloqalarini mustahkamlash uchun xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan foydalanishni nazarda tutishini taʼkidladi.

Markaz bu yili oʻz faoliyatini boshladi. Fuqarolik jamiyati va xorijiy mamlakatlar vakillari bilan hamkorlik qilishda xalq diplomatiyasi ahamiyatiga urgʻu berildi. Markaz madaniy, ilmiy, taʼlim dasturlarini amalga oshirish, delegatsiyalar tashriflarini tashkil etish, badiiy koʻrgazmalar, musiqa festivallari, sanʼat bayramlari oʻtkazish orqali faoliyat olib borishni, xalqaro aloqalarni va hamkorlikni rivojlantirishni oʻzida mujassam etadi.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi oʻz jamoasini tuzdi, Markazning rasmiy sayti faoliyati yoʻlga qoʻyildi, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari, shu jumladan mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy OAV bilan aloqalar oʻrnatildi.

Bundan tashqari, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozogʻistonning jamoat tashkilotlari va shu kabi tashkilotlari bilan hamkorlik munosabatlari rivojlantirilmoqda. Markaz tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Xitoyning Yaqin qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik qoʻmitasi, “Yuksalish” umummilliy harakati bilan Hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar imzolandi.

SHHT mamlakatlari nafaqat shu tashkilotga aʼzo boʻlgan mamlakatlardan, balki SHHTning kuzatuvchi va hamkor mamlakatlaridan, jami 18 ta davlatdan iborat ekani taʼkidlandi. Markaz ushbu mamlakatlarning jamoat tashkilotlari bilan oʻzaro munosabat oʻrnatish va hamkorlik qilishni maqsad qilgan.

Tadbirda Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha axborot berildi. Jumladan, joriy yilning mart oyida Toshkentda Markaz tomonidan “Dunyo bolalar nigohida” mavzusida bolalar rasmlari koʻrgazmasi tashkil etildi hamda oʻtkazildi.

SHHTga aʼzo mamlakatlarda yashovchi bolalardan 700 dan ortiq rasm yuborildi. Ularni tahlil qilish turli mamlakatlarning farzandlarida vatanparvarlik, vatanga muhabbat tuygʻusi kuchli ekanini koʻrsatdi. Koʻrgazma joriy yil aprel oyida Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekin shahridagi Ayollar va bolalar muzeyida muvaffaqiyatli davom ettirildi. Eʼtiborli jihati shundaki, koʻrgazma SHHT kuni ham namoyish etildi.

Shahrisabz shahri hokimligi bilan birgalikda 2019-yil 21-22-mart kunlari Shahrisabz shahrida Markaz tomonidan Ikkinchi milliy kiyimlar xalqaro festivali oʻtkazildi. Unda SHHT mamlakatlari – Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, muloqot boʻyicha hamkor mamlakat – Ozarbayjon, shuningdek taklif etilgan mamlakatlar – Gruziya va Turkmaniston dizaynerlari hamda modellari ishtirok etdi.

SHHT Xitoy Yaqin qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik qoʻmitasi (XYADHQ) taklifiga binoan 17-24-aprel kunlari Markaz delegatsiyasining XXRga, 12-15-iyul kunlari esa XYADHQ delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi boʻlib oʻtdi.

Ikki tomonlama uchrashuvlarda SHHT va “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi doirasida oʻtkaziladigan va rejalashtirilgan tadbirlarga oid masalalar muhokama etildi, moddiy va nomoddiy madaniy qadriyatlarni targʻib qilishga qaratilgan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, turli koʻrgazma va turlar, qoʻshma tadbirlar oʻtkazish, Toshkentda SHHT alleyasini yaratish yuzasidan amaliy fikr almashildi.

SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan “Xalq diplomatiyasi – xalqaro munosabatlar omili: SHHT mamlakatlari amaliyoti” mavzusida davra suhbati tashkil etilgani qayd etildi.

May oyida Sankt-Peterburg shahrida “Xalq xotirasi muqaddas” mavzusida fotokoʻrgazma tashkil etildi va kinofilmlar namoyish etildi. Sankt-Peterburgning Milliy madaniyat kutubxonasida 6-may kuni Leningrad mudofaasi uchun jang va toʻqnashuvlarda halok boʻlgan vatandoshlarimiz, oʻzbekistonliklar xotirasiga va urush yillari Oʻzbekistonga evakuatsiya qilingan leningradliklarga bagʻishlangan “Xalq xotirasi muqaddas” fotokoʻrgazmasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Fotokoʻrgazma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi va “Oʻzbekkino” koʻmagida tashkil etildi. Unda arxivdagi fotomateriallar va rejissyor Shuhrat Abbosovning “Sen yetim emassan” (1962-yil), Ravil Botirovning “Qirq birinchi yil olmalari” (1969-yil), Damir Salimovning “Leningradliklar jigarbandlarim mening” (1980-yil) kinofilmlari namoyish etildi.

Bundan tashqari, joriy yil 8-iyun kuni “Barcha uchun yoga” shiori ostida Yoga kuni oʻtkazildi. Markaz va Hindistonning Oʻzbekistondagi Elchixonasi hamda Hindistonning Toshkentdagi Lal Bahadur Shastri nomidagi Milliy madaniyat markazi tomonidan tashkil etilgan tadbir keng jamoatchilik vakillarini, respublika poytaxti aholisi va mehmonlarini jalb qildi.

Toshkent shahrida 24-27-iyul kunlari “Youth techno art” xalqaro festival-tanlovi doirasida “SHHT mamlakatlari “Ilm-fan va texnika olami” xalqaro tanlovi oʻtkazildi. Tanlov Xalq taʼlimi vazirligi va SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan oʻtkazildi hamda SHHT mamlakatlari ilmiy-texnik ijodiyotini ommalashtirishga, shuningdek ilm-fan va texnika sohasida taʼlim jarayonlarini rivojlantirishga qaratildi.

Shuningdek, tadbirda xalq diplomatiyasi gʻoyasini yanada ommalashtirish, bunday gʻoyadan SHHT ishtirokchi mamlakatlari xalqlari va madaniyatini yaqinlashtirish uchun foydalanish maqsadida SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazining hamkor tashkilotlar bilan birgalikda olib boriladigan faoliyatini kuchaytirish haqida axborot berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?