SHHT Xalq diplomatiyasi markazi oʻzbekistonlik hamshiraning mehnatlarini eʼtirof etdi

11:56 23 May 2020 Jamiyat
286 0

Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiya markazi shu kunlarda COVID-19ga qarshi kurashda oldingi saflarda turib xizmat qilayotgan oʻzbekistonlik shifokorlar va tibbiyot xodimlari, shu jumladan hamshira Fotima Husanova koʻrsatayotgan insoniy jasoratni yuksak eʼtirof etdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Xususan, Markaz tomonidan chop etilgan maqolada shunday deyiladi:

“Bugungi pandemiya dunyo nechogʻlik moʻrt ekanini isbotladi. Hatto yetakchi davlatlar ham yangi sinov oldida ojiz boʻlib qoldi va katta insoniy, iqtisodiy va maʼnaviy yoʻqotishlarga duch keldi.

Oʻzbekistondagi vaziyat boshqa koʻplab davlatlarga qaraganda ancha yaxshi. Masalan, 22-may holatiga koʻra, Oʻzbekistonda koronavirus yuqtirib olish holatlari soni 3 ming 6 nafarni tashkil etdi. Ayni paytda 2 ming 438 nafar fuqaro mazkur kasallikdan toʻliq sogʻaygan. Oʻzbekistonning 9 ta viloyatida 568 nafar bemor davolanmoqda.

Bu esa mamlakat rahbariyati tomonidan dunyo mamlakatlarida kasallik tarqalishining dastlabki bosqichida koʻrilgan zarur chora-tadbirlarning toʻgʻri ekani va oʻz vaqtida amalga oshirilgani natijasidir.

Shifokorlarning bu yoʻnalishdagi faoliyati va turli darajada pandemiyaga qarshi kurash bir lahza ham toʻxtamaydi.

Bu kurashda esa ilgari jamiyat faqat ehtiyoji tushgandagina eʼtibor berilgan kasb egalari birinchilardan boʻlib maydonga chiqdi. Bu qahramonlar oddiy shifokorlar va hamshiralardir.

Oramizda yashayotgan bu insonlar epidemiyaning qaqshatqich zarbini birinchi boʻlib oʻzlariga qabul qilishdi. Ular oʻz kasbiy burchlariga sodiq qolgan holda, qatʼiyat va jasorat, masʼuliyat va mehr-muruvvat fazilatlarini koʻrsatib, pandemiya bilan kurashda davom etmoqda.

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali bemorlar koronavirus bilan davolanadigan shifoxonada ishlaydigan hamshira haqida maʼlum qilishdi.

Tarqatilgan xabarda “Fotima Husanova Toshkent tibbiyot Akademiyasining koʻp tarmoqli tibbiyot klinikasi xodimi boʻlib, koʻplab fidoyi tibbiyot mutaxassislaridan biri. Koʻp yillik tajribaga ega hamshira birgina oʻtgan oyda koronavirusga chalingan 43 nafar bemorning sogʻayishiga beqiyos hissa qoʻshdi“, deyiladi.

Xabarda chop etilgan F.Husanovaning fotosuratida oʻzining mashaqqatli mehnati natijasida paydo boʻlgan yuzidagi chandiqlar aniq koʻrinadi.

U himoya qoplamalari va niqoblarini olib tashlamasdan, oʻz hayoti va sogʻligʻi haqida oʻylamasdan inson imkoniyatlari chegarasida kechayu kunduz mehnat qilgan.

Maqolada zamonamiz qahramoni “Shunday oliyjanob kasbni tanlaganimdan faxrlanaman. Muammo va sinovlarni ortda qoldirib, men va hamkasblarim qisqa vaqt ichida oʻnlab bemorlarni kasallikdan davolab, ularga va oilalariga quvonch ulashdik“, deya intervyu beradi.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash bilan 50 mingdan ortiq ana shunday hamshira shugʻullanmoqda.

Bu qanday insonlar ekan-a? Ularni nima boshqaradi? Axir, ular ishdan voz kechishlari, uyda qolishlari, oʻzlarini himoya qilib yaqinlarini oʻylashlari mumkin edi-ku? Ehtimol, javob oddiydir: ular bizning zamonamiz qahramonlari. Taqdir ularga toʻsatdan sinov berganda, hech ikkilanmay shunday qaror qabul qilishdi. Sogʻliqlari va hattoki, oʻz hayotlarini xavf ostiga qoʻyib, oʻz vatandoshlari uchun kurash maydoniga chiqishdi. Shu boisdan ham biz hamshira Fotima Husanova kabi insonlarning oramizda yashayotganidan faxrlanishga haqlimiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?