“Sherzodxon Qudratxoʻjayevga yetkazing! Qoraqalpogʻistonga 1000 tup tut koʻchati yuboraman”

19:05 14 Fevral 2020 Jamiyat
1822 0

-Bir necha oy avval xalqaro press-klubda Sherzodxon Qudratxoʻjayevning orol mintaqasidagi vaziyat va u yerda saksovul ekish ishlari haqidagi fikrlarini kuzatdim. Munozara davomida u mamlakatimizda Qoraqalpogʻiston uchun saxovatpesha insonlarimiz bormi mazmunidagi tashabbus qildi, -deydi mehnat faxriysi J.Soliyev. -Rosti obdon oʻylab qoldim. Bobolarimiz ekkan mevali koʻchatlardan otalarimiz foydalanishdi. Otalarimiz oʻtqazgan nav-nihollardan biz bahra olyapmiz. Biz qachon ekamiz, biz qachon bolalarimiz uchun sil-silani davom ettiramiz?! Shu savollar girdobida Qoraqalpogʻiston uchun oʻzim yetishtirayotgan issiqqa va tabiatning turli sharoitlariga chidamli tut koʻchatlarini xayriya qilishni niyat qildim. Toʻgʻrisi,mana shunday tashabbuslarning boshi va asoschisi boʻlish niyatim bor. Savobidan umidvorman. Faqat qay tartibda, Qoraqalpogʻistonning qayeriga kim orqali yuborishga hayron boʻlib turibman.

Janobiddin ota Soliyev Rishton tumani Oq tomir qishlogʻining Bogʻiston koʻchasi, 111-uyda istiqomat qiladi. Uzoq yillar jamoa xoʻjaligida oddiygina haydovchi boʻlib ishladi. 6 farzandni mana shu kasb ortidan voyaga yetkazdi, oʻgʻillarni uyli joyli qildi, qizlarni oʻz “egalari”ga topshirdi. Hozirda 21 nabiraning mehribon bobosi. Ayni kunlarda Janobiddin ota kaftdek tomorqasida gilosning 4 xil, choʻl hududlariga moslashgan noyob chilon jiyda koʻchatlarining 2 xil, oʻrik koʻchatlarining 10 ga yaqin navlarini parvarishlamoqda. Otaning taʼkidlashicha,suronli yillarda, ocharchilik damlarida koʻpchilikning joniga tut mevasi bakor kelgan. Shuning uchun ham u aynan tut koʻchatlarini boshqacha qadrlaydi.

Hurmatli mutasaddilar,hurmatli Sherzodxon Qudratxoʻjayev! Mana, siz aytgandek, saxovatpesha insonlar ham topildi. Endi ular qoraqalpoq doʻstlarga tortiq qilayotgan 1000 tup tut koʻchatlarini joyiga borib yetishini taʼminlashga koʻmaklashishingizdan va bu tashabbus butun respublikamiz boʻylab “gazak” otib ketishidan, chellenjga aylanib ketishidan umidvormiz.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?