Sherzod Shermatov joriy yilda birinchi sinfga qabul pulli boʻlmasligini aytdi

10:26 19 Iyun 2019 Jamiyat
442 0

Toshkentdagi 81ta talabgir maktabga bolani joylashtirishning antikorrupsion choralarining ijrosini taʼminlash yoʻli topilmaguncha, bu maktablarga qabulda hozircha pul olinmaydi. Bu haqda Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov feysbukdagi sahifasida eʼlon qildi.

“Prezidentimiz Toshkent shahridagi maktablar ahvolini yaxshilash uchun bu yil qoʻshimcha 400 mlrd soʻm va keyingi yil yana shuncha ajratish boʻyicha topshiriq berdilar. Undan avval Sergelida yangi qurilayotgan dahalarda 4ta yangi 1580 oʻrinli maktablarni qurish boʻyicha 100 mlrd soʻm qoʻshimcha ajratilib, qurilish ishlari boshlab yuborilgan edi.

Yaʼni 2019-yilni oʻzida qoʻshimcha 500 mlrd soʻm. Bu degani 1 yilni oʻzida oxirgi 5 yilda Investitsiya dasturlari doirasida ajratilgan miqdordan deyarli 2-marta koʻp qoʻshimcha mablagʻ ajratilyapti! (raqamlardagi farqni osonroq tushunish uchun grafikka qarang).

Oʻzi Prezidentimiz Shavkat Miromonovichdan avvalgi davrni tahlil qilsak, Toshkentda maktablar asosan yopilgan ekan. Sababi asosiy eʼtibor kollejlarga boʻlgan. Shu vaqtgacha 23ta maktab yopilib, boshqa tashkilotlarga berib yuborilganini aniqladik. Shuning uchun, hozir Toshkentda maktablar uchun hech narsa qilinmayapti deb jar soluvchilar, biroz yolgʻon gapirishdan or qilsalar yaxshi boʻlardi...

Toshkentdagi 81ta maktabning birinchi sinfiga qabul jarayonining yangi tizimini joriy etishning ijobiy taraflari qolib, baʼzilar “qabul pullik boʻldi” deb notoʻgʻri talqinga oʻtib ketdi. Natijada, “hukumat maktablarga pul ajratmayapti”, “aholidan pul yigʻishga oʻtib ketilyapti” va h.k. kabi notoʻgʻri izohlar koʻpayib ketganiga ushbu masalaga biroz oydinlik kiritib qoʻyishni maqsadga muvofiq deb oʻyladim.

Birinchidan, Uchtepa tumanidagi 50 yildan beri kapital taʼmir qilinmagan, quvvatidan deyarli 3 barobar koʻp oʻquvchi oʻqiyotgan maktabga Prezidentimiz tashrif buyurganlaridan keyin Toshkent shahridagi maktablarni ahvolini tubdan yaxshilash boʻyicha topshiriq bergan edilar. Natijada, shu ikki yil davomida Toshkent shahridagi maktablar ahvolini yaxshilash uchun qoʻshimcha 800 mlrd. ajratiladigan boʻldi. Hozir tegishli qaror loyihasi tayyorlanyapti. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan beri, bu birinchi marta Toshkentdagi maktablarga shuncha katta miqdordagi qoʻshimcha mablagʻ ajratilishi. Natijada boshqa maktablardagi moddiy texnik ahvol ham anchagina yaxshilanishi kutilyapti. Bu aholisi oʻsib borayotgan poytaxtimiz uchun juda kerak (yangi tizim va tanqid asosan Toshkent shahriga bogʻliq boʻlganiga faqat Toshkent shahridagi mablagʻlarni yozdim, boshqa hududlarda ham anchagina qoʻshimcha mablagʻlar ajratilmoqda).

Ikkinchidan, “prestijnыy” deb shu paytgacha aytilayotgan maktablarda taʼlim sifati zoʻr degani emas. Sinfda 40-50 nafar oʻquvchi boʻlsa, ularning orasida taʼlim tilini bilmaydiganlari tushunmay oʻtirsa qanday sifat boʻlsin?

Oddiy misol, yaqinda oʻtkazilgan respublika olimpiadasi gʻoliblarining atigi 9 foizi ushbu maktablarga toʻgʻri kelyapti (22 nafar gʻolibdan 2tasi ushbu maktablarda oʻqigan), vaholanki Toshkentdagi oʻquvchilarning deyarli 43,4 foizi shu maktablarga toʻgʻri keladi (aslida 81ta maktab Toshkentdagi maktablar sonining atigi 26 foizini tashkil etadi, yaʼni shaharning 26 foiz maktabida 43 foiz oʻquvchi oʻqiyapti!). Shunga boshqa maktablarda taʼlim sifati yomon degan iddao umuman haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Ishlab chiqilayotgan taʼlim sifatini obyektiv baholash boʻyicha yangi tizim joriy etilsagina qaysi maktabda taʼlim sifati yuqori ekani aniq boʻladi (ikkinchi grafikdagi ulushlarga yaxshilab eʼtibor bering!).

Uchinchidan, qaror chiqqani bilan uni ijro mexanizmlari, tegishli dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishga va uning toʻgʻri ishlashini tekshirishga, ayniqsa toʻlov bilan bogʻliq tizimlarga, qanchadir vaqt ketadi, shunga hozir faqat bepul qabul amalga oshiriladi.

Shuning uchun ayni paytda maktablarga pulli qabul haqida hech qanday gap yoʻq! Shu sababli ortiqcha ehtirosga berilmaslikni, “prestijnыy” maktabga bolangizni joylashtirish uchun tanish-bilish yoki pul qidirmaslikni tavsiya etaman.

Biror tushunmovchilik boʻlsa, uni maktab maʼmuriyati yoki tuman taʼlim boʻlimi vakillari bilan maslahatlashib hal qilishga harakat qilgan maʼqul, internet orqali turli xil “hayplar”ga berilmasdan.

Press-brifingda boshqa barcha masalalarga toʻliq oydinlik kiritiladi.

PS. Toshkentdagi qaysi maktablar birinchi navbatda taʼmirga muhtoj ekanligini izohlarda rasmlar bilan qoldirsangiz bizga yordam boʻladi. Mutaxassislar roʻyxatlar tayyorlashgan, lekin ularni ham yana bir bor tekshirib olinsa foydadan xoli emas. Rasmlar “avvalgi” va “hozirgi” holat uchun kelgusida foydalanishga ham qoʻl keladi, albatta», deb yozgan vazir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?