Sherzod Shermatov: “Maktabga bosh kiyim bilan kelish-kelmaslik masalasiga yopishib olmaslik kerak. Bu asosiy maqsad emas”

16:25 26 Iyun 2018 Jamiyat
2511 2

Oldin xabar berganimizdek, ayni daqiqalarda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov tizimga oid yangiliklar, istiqboldagi rejalar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora tadbirlar xususida brifing o‘tkazmoqda.

Vazir ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama qilinayotgan maktab formalari masalasiga ham to‘xtaldi.

“Maktab formalari bo‘yicha joriy qilinayotgan loyihalarni ko‘pchilik faqat Xalq ta’limi vazirligiga yuklab qo‘ymoqda. Bu noto‘g‘ri. Birinchidan, bizda qonun hujjatlarini ishlab chiqadigan parlament, deputatlarimiz bor. Biz ijro etuvchi organning bir bo‘g‘ini sifatida ular qandaydir tartibni joriy qilsa, uni amalga tatbiq etishimiz mumkin.

Yana bir masala, bu tartiblar loyihasi ishlab chiqilayotganda, biz, jumladan, yangi tayinlangan hozirgi rahbariyat ishtirok etmaganmiz. Agar qandaydir o‘zgarishlar lozim, deb hisoblansa, bunda bevosita ishtirok etishimiz mumkin.

Yana bir masala bor: juda ko‘pchilik shu forma masalasiga, ro‘mol, hijob masalasiga yopishib oldi. Ammo bizning asosiy maqsadimiz bu emas. Asosiy maqsadimiz — barkamol avlodni yetishtirish. Ko‘pchilik esa hozir ikkinchi darajali masalalar bilan o‘ralashib qolgan. Bu bilan maqsadga yetib bo‘lmaydi. Biz birinchi navbatda asosiy maqsad yo‘lida harakat qilishimiz lozim”, - dedi Shermatov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?