Sherzod Shermatov ham koronavirus yuqtirib olgani va uni qanday yenggani haqida gapirib berdi

08:03 12 Avgust 2020 Jamiyat
1409 0

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov ham koronavirusni yuqtirib olib, davolanib chiqqani, hozirda uy sharoitida reabilitatsiyada ekani va yaqin kunlarda ishga qaytishni rejalashtirayotgani haqida “Fasebuk”dagi sahifasida yozib qoldirdi.

Afsuski, sanitariya qoidalariga qanchalik rioya qilmay, baribir, ushbu virusni yuqtirib oldim. Yaxshi niyat qilib, yangi oʻquv yilini anʼanaviy shaklda oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha anchagina maktablarda taʼmirlash ishlari ketayotgani uchun, ularni imkon boricha oʻzim borib koʻrayotgandim, balki oʻsha yerda yuqtirib oldim, shekilli.

Boshidanoq tana haroratim koʻtarilib, umumiy ahvolim yomonlashdi. Ertasidan lohaslik, saldan keyin hid bilish va taʼm bilish ham yoʻqoldi.

Birinchi hafta shifokor maslahati bilan uyda davolanishga harakat qildim, yengilroq oʻtsa, balki shifoxonaga hojat boʻlmas degan niyatim bor edi.

Lekin bir haftadan keyin, tana haroratim yana koʻtarilib ketganiga, shifokorlar shifoxona sharoitida davolanishga oʻtish kerakligini taʼkidlashdi. Oʻsha kezlari Semashko sanatoriysi koronavirusni davolashga ixtisoslashtirilgan ekan, oʻsha yerda davolanishga toʻgʻri keldi.

Shifokor tavsiyasiga koʻra dorilardan boshidan D3, S kabi vitaminlarni qabul qila boshladim. Keyinroq isitma tushavermagach qoʻshimcha antibiotiklar qoʻllashni boshlashdi. Saturatsiya tushib ketganda, muolaja davomida deksametazondan ukol qilib, nafasni ochishga yordam berishdi.

Qonni suyultiradigan dori va tabletkalar ham juda muhim ekan. Chunki bu kasallikda inson organizmida qon quyilishi va shu orqali yurak qon aylanish va oʻpkaga salbiy taʼsiri boʻlishi mumkinligi haqida ham bilib oldim.

Boshidan oʻtgan tabib deganlaridek, kimdir oʻzida shunday holatlarni sezsa baʼzi maslahatlar ularga foydali boʻlsa kerak deb yozyapman.

Birinchidan, Vahima qilmaslik. Vahima xar qanday kasalni yana-da kuchayishiga, odamni asabiylashishiga va atrofda unga yordam berayotganlarni qiynalishiga sabab boʻladi.

Ikkinchidan, Yaxshi niyat qilish. Internetda juda negativ koʻp, lekin kasal paytingizda eng asosiysi yaxshi niyat qilib oʻzingiz birinchi navbatda tuzalishga harakat qilsangiz, tezroq tuzalib ketasiz.

Uchinchidan, Yaxshilik qilish, Sadaqa raddi balo deyilgandek, qanchalik yaqinlarga va muhtojlarga yordam berilsa, shunchalik odam oʻzini yengilroq his qiladi.

Oxirgisi va eng asosiysi: shifokorlar ishini qadrlash. Shuncha qiyinchiliklarda eng asosiy yuk shifokorlarga boʻlyapti. Shunday ekan hozirgi davrda sogʻligʻingiz tufayli shifoxonaga tushib qolsangiz, sizni davolaydigan shifokormi, hamshirami yoki boshqa tibbiy xodim boʻladimi, siz ham oʻz navbatida ularga yaxshi gapirib, koʻnglini koʻtarib turishni maslahat beraman. Ular ham juda charchashyapti, ayniqsa shu issiqda sanitariya qoidalariga rioya qilib hammasi maxsus kiyimda yurishi oson emasligini koʻrishingiz mumkin.

Fursatdan foydalanib, barcha shifokorlarga minnatdorchilik bildirib oʻtmoqchiman!

Kasal boʻlganimni eshitgan barcha yaqinlarim, doʻstlarim, qarindosh-urugʻlarimdan doimiy ravishda duo va yaxshi soʻzlar boʻlib turgani ham juda katta dalda boʻldi.

Hatto Davlatimiz Rahbari oʻzlari shaxsan ahvolimni surishtirib turganlarini eshitib, boshim osmonga yetdi. Shunday odamgarchiligi yuqori boʻlgan insonning komandasida ekanligimdan gʻururlandim. Ustozim ham bir necha bor telefon orqali hol ahvol soʻrab, koʻnglimni koʻtarganlari ham katta madad boʻldi.

Prezident Administratsiyasi rahbariyati, Vazirlar Mahkamasidagi Kompleksimiz rahbari tomonidan ham ahvolimni soʻrab turishgani kuch bagʻishladi. Shunday vaqtda ish boʻyicha munosabatlar emas, balki haqiqiy insoniylik qadriyatlarining muhimligi juda bilinar ekan.

Ota-onamning har kungi duolari, barcha qarindoshlarning oʻzaro birlashib, oʻzlari pishirgan taomlardan ilinib yuborib turishganining ham katta foydasi tegdi. Ayniqsa, qarindoshlar tayyor boqayotgan tovugʻini olib, soʻyib, tovuq shoʻrva pishirib yuborib turishgani tezroq tuzalishimga foyda boʻldi.

Koʻpchilik yaqinlarim qatori, Sport Federatsiyasidagilar ham Xitoy dorisidan darrov yetkazishdi, rahmat baraka topishsin. Bunday eʼtibordan juda xursand boʻldim.

Men oʻzimni juda boy inson deb hisoblardim, chunki ham ota-onam, ham qaynona-qaynotam hayot boʻlib, doim duo qilib turishgandi. Afsuski, orada qaynotam ham omonatlarini topshirdilar. Joylari jannatda boʻlsin, juda yaxshi inson edilar...

Shifoxonaga borganim toʻgʻri boʻlibdi, MSKT 50% oʻpkada ikki tomonlama pnevmoniya ekanligini koʻrsatdi. Keyin saturatsiya 73 gacha tushib ketdi, kislorod konsentratorini ulab, ancha koʻtarib turishga imkon boʻldi. Lekin baribir, eng asosiysi, kislorod boʻlsa ham, odam oʻzi koʻproq nafas mashqlari qilishi kerak ekan. Kislorod boshida oʻpkani ozgina erka qilib ham qoʻyarkan.

Faqat kisloroddan nafas olib yotgan bilan ijobiy natija chiqishi qiyin boʻladi deyishdi, shunga imkon boricha nafas mashqlarini qilishga harakat qildim va albatta, foydasini sezdim. Boshida qiynalib yoʻtal tutgan vaqtlari, majbur qaytadan kislorodga ulanib, saturatsiyani koʻtarib turdim, keyin sekin-sekin kislorodni kamaytirib, koʻproq nafas olishga harakat qildim.

Men 2 yilcha avval pnevmoniya boʻlgandim, shu ham salbiy taʼsir qildi. Oʻzi umuman davlat ishidagi tartibsiz rejim, asabbuzarliklar, kechgacha ishda boʻlish ham organizmni charchatib, bunday kasalliklarni ogʻirroq oʻtishiga sabab boʻlarkan. Shuning uchun, imkon boricha oʻzingizni asranglar, pnevmoniyani menga oʻxshab oyoqda oʻtkazmanglar.

Eng qiyini kasalxonada vaqtning sekin oʻtishi boʻldi. Men kabi ishga oʻrganib qolgan odamga vaqtning bekor oʻtayotganiga koʻnikish juda qiyin boʻlarkan. Rahmat, oʻz ishiga masʼuliyatli va tashabbuskor yaxshi oʻrinbosarlar va fidoiy xodimlarimiz bor. Internet orqali ham darrov vazifalarni tushunib, ishlarni sifatli tashkil qilishga harakat qilishdi. Afsuski, men bilan bir vaqtning oʻzida vazirlikdagi bir oʻrinbosar va anchagina xodimlar ham bu virusni yuqtirib, ular ham davolanib chiqishdi.

Hozirda uyda reabilitatsiya davrini oʻtamoqdaman, nasib qilsa yaqin orada ishga qaytaman.

Davolanish davrida...

Kasalxonada ekanman, 60dan ortiq audiokitob eshitib qoʻydim. Farhod Ibragimov Farhod Ibragimovga rahmat, ancha oldin yaxshi Blinkist degan dasturni sovgʻa qilgandi. Juda koʻp yaxshi kitoblarni qisqacha qilib aytib beradigan, ingliz tilini bilgan va vaqti ziq boʻlgan rahbarlar uchun juda foydali dastur ekan.

Imkoniyatingiz boʻlsa, audiokitoblar tinglang, bu esa vaqtdan unumli foydalanishga yordam beradi. Oʻzbek tilida audiokitoblar tinglamoqchi boʻlganlar www.kitob.uz portalidan bemalol foydalanishlari mumkin.

Kimgadir ushbu maslahatlarimning foydasi tegsa xursand boʻlaman, oʻzingiz va yaqinlaringizni asranglar!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?