Sherzod Qudratxoʻjayev: “Til – millat DNKsidir”

16:30 21 Oktyabr 2019 Madaniyat
364 0

Insonda ona bitta boʻlgani kabi, ona tili ham yagona boʻladi. Har kim inson, Vatan tushunchasini ilk bor ona tilida anglaydi, uygʻunlik va xotirjamlik bagʻishlovchi allani ham aynan shu tilda eshitadi. Shuning uchun boʻlsa kerak, til, millat, vatan tushunchalari doimo yonma-yondir.

Mana oʻttiz yildirki, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganini nishonlaymiz. Turli-tuman bannerlar chiqaramiz, sanoqsiz tadbirlar, konsertlar oʻtkazamiz. Tilni qadrlash haqidagi shiorlardan olam-olam faxr-iftixor tuyamiz. Oynai jahonda koʻrsatuvlar tayyorlaymiz.
Xoʻsh, bu harakatlarimiz qanchalik ahamiyat kasb etyapti? Tilimiz rivoji uchun nimalar qildik va yana nimalar qilishimiz kerak. Shu kabi savollarga siyosiy fanlar nomzodi, Xalqaro press-klub raisi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻjayev bilan javob izladik.

– Aytingchi, Oʻzbekistonda oʻzbek tilining qadri qay darajada?

– Ochigʻini aytsam, soxta sotsializm davrining salbiy taʼsiridan toʻla-toʻkis xoli boʻlganimizcha yoʻq. Bayramlarni yaxshi koʻramiz. Yaxshi bayramlarimiz ham bor. Masalan, Ramazon hayiti. Lekin, ungacha oʻttiz kun roʻza tutiladi va shu kunga munosib boʻlishga harakat qilinadi. Bunda hikmat koʻp. Lekin 364 kun oʻzbek tiliga loqaydlik koʻrsatib, faqat 21-oktyabrnigina bayram qiladigan boʻlsak, bu notoʻgʻri. Oʻzbek tilining haqiqiy rivoji uchun harakat qilmaganimiz shundan ham maʼlumki, bugun yirik shaharlarimizdagi reklamalarning 80-90 foizi bosh­­qa tilda. Aynan shunga koʻra, biz oʻtgan davr mobaynida juda kam ish qildik, deb oʻylayman. Bu bizning fojiamiz. Chunki millatni millat qiladigan, uni boshqalardan ajratib turadigan jihati, bu – til. Bu taxlit “uxlash” bizga aslo yarashmaydi. Men turk xalqining zabardast oʻgʻloni Otaturkning gapini koʻp eslayman: “Uxlab yotgan millat yo qul boʻlib uygʻonadi, yoki yoʻq boʻlib ketadi”. Biz shoʻro davrida oʻzbek tilida emin-erkin gaplasha olmasdik, hatto, koʻchada ham, davlat idoralarida esa…

– Tilimiz bu darajada qadrsizlanishiga kim aybdor deb oʻylaysiz?

– Koʻchadagi sotuvchi yoki pistafurush emas. Afsuski, til boʻyicha masʼul odamlar, ayrim ziyolilarimiz orasida oʻzbek tilining boshqa tillarga nisbatan lugʻaviy bazasi, tarixi chuqur emas deb hisoblaganlar ham koʻp boʻlgan. Alisher Navoiy dunyodagi boshqa buyuk shoirlar bilan taqqoslaganda 4-5 mingdan koʻproq soʻz ishlatgan. Toʻgʻri, bugungi oʻzbek tili bilan Navoiy tili oʻrtasida farq bor. Bu har bir tilda uchraydigan tabiiy holat.
Yana bir noxush jihat shundaki, bizning ziyolilar, amaldorlar, puli bor odamlar bolalarini oʻzbek emas, boshqa tilli maktabga beryapti. Bu oʻzining salbiy oqibatini koʻrsatmay qoʻymaydi. Yurt kelajagini oʻz tilini bilmaydigan yoshlarga ishonib boʻlar ekanmi axir?

– Bu borada ziyolilar qatlami barcha masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishi kerak emasmi? Xoʻsh, ular oʻzbek tili rivoji uchun nimalar qilyapti?

– Erkin Vohidov qalamiga mansub mana bu satrlarga eʼtibor qilaylik:
Menga Pushkin bir jahon-u,
Menga Bayron bir jahon.
Lek Navoiydek bobom bor,
Koʻksi osmon oʻzbegim.
Erkin akada mustabid davrida ham ruh va gʻurur boʻlgan. Millatga nisbatan muhabbat ruhi. Axir, 28 yildan buyon mus­taqilmiz. Lekin shu ruh bizga hamon yetishmayotgandek..

Jurnalist sifatida nimalarni maslahat berasiz?

– Biz bagʻrikeng millatmiz. Lekin bagʻrikenglikda ham chegara boʻlishi kerak. Erkak ayolini rashk qilgani kabi, biz ham oʻz tilimizni boshqa tillardan qizgʻanishimiz, unga gard yuqtirmasligimiz lozim. Amerika, Yevropa davlatlarida odamlar odatda koʻp til oʻrganmaydi. Yoshlar kasb, hunar oʻrganadi va shuning orqasidan millioner boʻladi. Men bu bilan til oʻrganmaslik kerak demoqchi emasman. Faqat bunga mukkasidan ketmaslik kerak. Oʻzbek tilini zoʻr bilgan odam hech qachon kam boʻlmaydi. Boshqa tillarni xohlagancha oʻrganish mumkin, lekin, avvalo, oʻz ona tilini sevishi va bilishi shart.
Yana bir muammo borki, baʼzi ota-onalar oʻzini sudxoʻr kabi tutadi. Bolasini bankka qoʻyilgan puldek koʻradi. Bolamga til oʻrgatsam, Amerikada, Koreya, Turkiya, Dubayda oʻqib, u yerda ishlab menga pul joʻnatadi, deb oʻylaydi. Balki bola Oʻzbekistonda yashashni, oʻzbek taomlarini isteʼmol qilishni, oʻzbek havosidan nafas olishni xohlar?! Nega biz bolamiz kelajagini faqat chet elda koʻryapmiz? Uning taqdirini oʻz bilgimizcha hal qilyapmiz. Bu oʻta ketgan xudbinlik. Misol qilib aytganda, mening hayotimda ham maʼlum muddat ogʻir kunlar boʻlgan. Lekin Oʻzbekis­tondan ketishni oʻylamaganman. Bugun shu kunlarga yetganimga shukr qilaman.

– Meni hamisha bir savol qiynaydi, nega qonunlar dastlab rus tilida yoziladi?!

– Bunda huquqshunoslarimizning ham aybi bor. Chunki koʻpchiligimizning tilimiz boshqa tilda chiqqan. Oʻzbek tili boy til emas, degan oʻy-fikrlar taʼsiridandir balki?
Biz tilimizda qancha koʻp gaplashsak, koʻp kitob oʻqisak, mutolaa qilsak, rohatlanib gapirsak, koʻp va xoʻb soʻzlasak, til ham boyib boraveradi.
Insonning oʻz ona tili bor ekan, u hech qachon hech kimdan kam boʻlmaydi. Shunday ekan, biz faqatgina 21-oktyabrda emas, yil davomida tilimizni qadrlashimiz, unga nisbatan hurmatda boʻlishimiz kerak.

Oʻylaymanki, millat uchun til – bu har bir insonning DNKsi kabidir. DNKsi oʻzgargan tanada esa har xil oʻzgarishlar boʻladi va asta-sekinlik bilan tana oʻz kuchini yoʻqotadi. Agar inson tilini oʻzgartirsa, nafaqat til, balki millat ham halokatga yuz tutadi.

– Samimiy suhbat uchun rahmat.

Karim ZARIPOV
suhbatlashdi

OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?