Sherzod Qudratxoʻjayev: “Bu galgi saylovda oilaviy ovoz berish kabi eskicha yondashuvlarga chek qoʻyiladi”.

10:23 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
1186 0

“Yangi Oʻzbekiston. Yangi saylovlar!”. 2019-yil, 22-dekabr kuni mamlakat parlamenti va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylov ana shu shoir ostida, Oʻzbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksi asosida boʻlib oʻtadi. Saylovlarda beshta siyosiy partiya oʻz nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega. Partiyalarning saylovoldi targʻibot tadbirlari qanday tashkil etiladi? Saylov jarayonlarini yoritishda ommaviy axborot vositalariga qoʻyiladigan talablar qanday? Fuqarolarning saylov qonunchiligi, saylov haqidagi tushunchalari qay darajada?

Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazi Surxondaryo viloyat boʻlimida “Saylov sohasida islohotlarning yangi davri” mavzuida oʻtkazilgan davra suhbatida ana shular haqida soʻz bordi. Viloyatda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar, axborot xizmati rahbarlari ishtirok etgan mazkur tadbirni Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Sherzod Qudratxoʻjayev boshqarib bordi.

Unda taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda ilk bora saylov qonunchiligi yaxlit shaklga keltirildi, saylov kodeksi qabul qilindi. Mazkur kodeks prezident, qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik va ularni oʻtkazish tartibini belgilaydi. Unga koʻra, endilikda mahalliy kengashlarga fuqarolarning tashabbuskor guruhlari ham nomzod koʻrsatishi mumkin. Yangi saylov kodeksida yengil jinoyat uchun qamalganlar ham ovoz berishi koʻrsatilgan. Bu yil ilk bora saylovchilarning yagona elektron roʻyxati shakllantiriladi.

“Saylovlar demokratik talablarga mos oʻtishi uchun avvalo ochiqlik, oshkoralik muhitini yaratish lozim. Chunonchi, fuqarolik jamiyatini shakllantirishda saylovlarning ahamiyati beqiyosdir. Siyosiy partiyalar va deputatlarga boʻlgan talablar bugun yangicha yondashuvlarni talab etyapti. Avvalgidek, “deputat bizga yoʻl, maktab qurib bersin”, degan tushunchalardan voz kechish, oilaviy ovoz berish kabi eskicha yondashuvlarga butunlay barham berishimiz lozim. Saylov chogʻida murosasozlik, oʻzini maʼlum bir qolipga solib, “madaniyatli” boʻlish kerak emas, deb oʻylamayman.Chunki, bu kurash! Mamlakatning ertangi kuni, kelajagiga bevosita daxldor siyosiy kurash. Bu jarayonlarda har bir saylovchining tanlovi juda ham muhim.”, -dedi Sherzod Qudratxoʻjayev.

Saylovdan saylovgacha boʻlgan davrda mudrab yotgan siyosiy partiyalarning faollashishi saylovchilarga qanday taʼsir koʻrsatmoqda? Odamlar siyosiy partiyalarning dasturiy maqsadlaridan qay darajada xabardor? Saylovchi oʻzi ovoz bergan deputat faoliyatidan rozimi? Saylovlarning siyosiy ongi, siyosiy bilimi bugungi davr talablariga mosmi? Dunyoning ilgʻor davlatlarida saylov amaliyoti qanday? Ochiq va samimiy muloqotda jurnalist va blogerlar ana shu savollar yuzasidan bahs-munozaraga kirishdilar. Shuningdek, tadbirda saylovga tayyorgarlik ishlarini yoritish, ushbu muhim siyosiy jarayonlarda saylovchilarning faol ishtirokini taʼminlash, saylovoldi targʻibot tadbirlarini tashkil etish haqida ham oʻzaro fikr almashildi.

Ilhom RAHMATOV(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?