Sheroboddagi olis va togʻli qishloqlar aholisining qanday muammolari bor?

17:56 23 Yanvar 2020 Jamiyat
414 0

“Xalq so`zi ONLINE”

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Surxondaryo viloyati Sherobod tumanining eng olis va togʻli Gʻurjak mahallasidagi Xoʻjanqo qishlogʻiga viloyat hokimi kelib mavjud ahvol bilan tanishgandi. Foydalanilmay turgan bolalar oromgohi yozgi mavsumga tayyorlash, qishloqdagi 54-umumtaʼlim maktabidagi sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan mutasaddilarga vazifalar berilgandi. Shuningdek, qishloq odamlari bilan uchrashib, ularni oʻylantirayotgan muammolar oʻrganildi. Aholi tomonidan oʻrtaga tashlangan masalalarni hal etish yuzasidan zarur choralar belgilandi.

Shunga muvofiq, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari R. Pardayev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi xalq qabulxonasi mudiri A. Eshmurodov, viloyat tashkilot va idoralari rahbarlari aholi bilan yaqindan yuzma-yuz suhbat qilish uchun Chorbogʻ mahallasida boʻldi.

“Xalq so`zi ONLINE”

Ochiq muloqot chogʻida tuman markazidan 65 chaqirim uzoqlikdagi Chorbogʻ va uning atrofidagi qishloqlar aholisining dardu-tashvishlari tinglanib, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etishga alohida etibor qaratildi. Aksariyat murojaatlar joyida oʻz yechimini topdi.

– Hududimizda ichimlik suv muammosi mavjud, – deydi Chorbogʻ mahallasi raisi A. Toʻraboyev. – Koʻp yillardan buyon bu masala yechimini topmayotgan edi. Artezian qudugʻi qazilib, Navroʻz bayramigacha Chorbogʻ qishlogʻiga toza ichimlik suvi keladigan boʻldi. Mahallada uchta maktab bor. 45-umumtaʼlim maktabida sinflar yetishmaydi. Sport zali yoʻq. Masʼullar qoʻshimcha bino va zamonaviy sport zali qurilishini kelgusi yil davlat dasturiga kiritishni vaʼda qildi. Qabul chogʻida “Tez tibbiy yordam” boʻlimi, yoʻllarni tamirlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish, tijorat bankidan kredit olib, chorvachilik bilan shugʻullanish kabi masalalar yuzasidan ham zarur choralar koʻrildi. Bunday etibordan mamnunmiz.

Shundan soʻng mutasaddilar Koʻhitang togʻ tizmalari bagʻrida “Olmaliq togʻ-kon metallurgiya kombinati” AJ tomonidan qurilgan Sherobod sement zavodi va korxonaning yangi barpo etilgan issiqxonasida boʻldi.

“Xalq so`zi ONLINE”

Bir gektar maydonda qad rostlagan zamonaviy issiqxonada gidroponika usulida 21 ming donadan ortiq eksportbop pomidor koʻchati parvarishlanmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, Navroʻz arafasida dastlabki hosil yigʻib olinib, buyurtmachilarga joʻnatiladi. Hozir bu yerda Oqtosh, Vandob, Poshxoʻrt, Tuzkon kabi togʻ qishloqlaridan 25 xotin-qiz va yoshlar ish bilan taminlangan. Zamonaviy kompyuter texnologiyalari orqali boshqariladigan issiqxonada yoshlar uchun yana 15 ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.

Sherobod sement zavodida 1 ming 200 kishi mehnat qiladi. Ularning 70 foizi yosh mutaxassislardir. Korxona bir yilda 1 million 500 ming tonna portland sement ishlab chiqaradi. Oʻtgan yili qurilish uchun zarur sifatli xomashyoning 300 ming tonnasi xorijga eksport qilindi. Mutasaddilar viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari yetakchiligida yosh mutaxassislar bilan uchrashib, yigit-qizlarning yutuq va muammolarini tingladi. Yoshlar ilgari surgan gʻoya va takliflarni birgalikda yechish yoʻllarini izladi.

Korxonaga yaqin hududda koʻp qavatli uylar qurish, yoshlar uchun sport inshootlari barpo etish, yoʻllarni taʼmirlash, qishloqlarda tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash, kutubxonaning kitob fondini boyitish singari masalalar bosqichma-bosqich hal etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?