Sherobodda nasha ekkan, Denovda marixuana sotayotgan shaxs ushlandi

11:23 11 Sentyabr 2018 Jamiyat
222 0
Arxiv foto

Surxondaryo viloyatida oʻtkazilayotgan “Qoradori-2018” tadbiri doirasida Sherobod tumanidagi Poshxurt mahallasida yashayotgan Jovboʻri Chayirov (ism-shariflar oʻzgartirildi)ning yashash uyi va tomorqasi xolislar ishtirokida tekshirildi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

Buni qarangki, poshxurtlik bu shaxs qonunga zid ravishda nasha giyohvandlik oʻsimligini ekib, parvarishlab kelayotgan ekan. Hovlidagi bogʻda yetishtirilayotgan ikki tup zahri qotil oʻsimligi hujjatlashtirib olindi, J.Chayirovga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

– Oʻtkazilayotgan tadbirlar chogʻida giyohvand moddalar savdosiga bogʻliq shaxslar ham qoʻlga tushib qolmoqda, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboyev. – Masalan, Denov tumani Istiqbol mahallasida yashayotgan 31 yoshdagi Maʼruf Sharipov Navroʻz mahallasi hududida naqd 400 ming soʻm pul evaziga mijozga bir dona gugurt qutisiga joylangan marixuana giyohvandlik moddasini pullayotganida ushlandi. Sof vazni 5,29 gramm boʻlgan giyohvand modda xolislar ishtirokida rasmiylashtirilib, M.Sharipovga nisbatan tegishli tartibda jinoyat ishi ochildi.

Ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?