Sherobodda davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi 

11:45 23 Avgust 2019 Jamiyat
140 0

Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, soha xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Unda taʼkidlanganidek, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak!” degan ezgu gʻoyani hayotga keng tatbiq etishda Prezidentimizning 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoni muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Oʻziga xos meʼmoriy yechimga ega boʻlgan mazkur binoda aholi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.Xususan, zamonaviy dizayn asosida jihozlangan kutish zali, xizmat koʻrsatish xonalari,ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, kafe tashrif buyuruvchilar xizmatida. Ushbu markazda xorijiy investorlar uchun ham bir qator qulayliklar yaratilgan boʻlib, muzokaralar oʻtkazish zali, tumanning investitsiyaviy salohiyatini namoyish etuvchi axborot ekranlari bilan ham jihozlangan. Shuningdek, fuqarolar mazkur binoning oʻzida notarius, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi, yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining Roʻyxatlash va imtihon boʻlimi xizmatlaridan ham foydalanishi mumkin. Markazda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Sherobod tuman qabulxonasi, tuman Adliya boʻlimi ham joylashgan.

Sherobod tumanida 190 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida jismoniy va yuridik shaxslardan davlat xizmati markaziga 105 ta xizmat turi boʻyicha 36 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Markaz xodimlari muntazam ravishda tumanning olis va chekka hududlarida boʻlib, aholiga sayyor (mobil) xizmatlar orqali ham xizmat koʻrsatib kelayotir.

Yana bir eʼtiborli jihat shundaki, tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatish elektron navbat olish orqali amalga oshiriladi.Bepul wi-fi zonasi mavjud. Bino boʻylab joylashtirilgan ekranlarda davlat xizmatlari markazlari tomonidan taqdim etiladigan xizmat turlari boʻyicha axborot roliklari namoyish etib boriladi.Mazkur elektron tablolardan tadbirkorlar ham oʻz mahsulot va xizmatlari reklamasini shartnoma asosida joylashtirish imkoniyatiga ega.

Yaratib berilayotgan bu kabi sharoitlar odamlarning vaqtini tejash, davlat xizmatlaridan tezkor va qulay foydalanish imkonini berishi bilan yanada ahamiyatlidir.

Hozirga qadar Surxondaryo viloyatining Uzun, Oltinsoy, Qiziriq va Muzrabot tumanlarida davlat xizmatlari koʻrsatish markazining yangi binolari qurilib, topshirildi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?