Sherzod Shermatov: “O‘qituvchilarning oyligini oshirish shu vaqtgacha doim orqaga tashlab kelingan”

10:11 15 Avgust 2018 Siyosat
543 0
Foto: XPK

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Prezidentning o‘qituvchilarning oyligi oshirilishi va ularga turli imtiyozlar berilishini nazarda tutuvchi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Prezidentimiz tomonidan xalq ta’limi tizimi uchun juda katta e’tibor qaratilishi natijasida sohamiz vakillari uchun o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi. Shu vaqtgacha maktab o‘qituvchilarining oyligini oshirish haqida fikr bo‘lganda ularning soni juda ko‘p bo‘lgani sababli doim orqaga tashlab kelingan, shuning uchun o‘qituvchilar oyligi iqtisodiyotdagi o‘rtacha oyliklardan ortda qolgan edi.

Kecha ushbu yo‘nalishda Prezidentimizning alohida qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra o‘qituvchilarning oyliklari ikki bosqichda oshiriladigan bo‘ldi. Masalan, Qarorga ko‘ra oliy toifadagi yuqori sinf o‘qituvchilarining ustamalar bilan soliqlardan keyin qo‘liga tegadigan oyligi 64 foizga ortishi kutilyapti.

Ushbu xarajatlar uchun kelgusi yilda davlat byudjetidan 2,78 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi kutilmoqda. O‘tish davrida bo‘lgan bizning iqtisodiyotimiz uchun bu juda katta mablag‘ bo‘lishiga qaramay, Prezidentimiz ushbu mablag‘larni boshqa yo‘nalishlarga emas, aynan inson kapitaliga sarmoya qilish haqida qaror qabul qildilar.

Undan tashqari Qarorda yana qo‘shimcha imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan”, deb yozgan Shermatov.

Vazirning ta’kidlashicha, yaqin orada Xalq ta’limi vazirligi boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlanib rahbariyatga taqdim etiladi.

“Yillar davomida ushbu masalaga ikkinchi darajali e’tibor bo‘lib yig‘ilib qolgan muammolarni bir kunda hal etish qiyin, lekin Prezidentimiz tomonidan aynan maktab ta’limini kuchaytirish, o‘qituvchining jamiyatdagi rolini oshirish eng ustuvor vazifalardan ekanligi qayta-qayta ta’kidlanmoqda. Bugungi Investitsiyalar bo‘yicha videoselektorda ham yana ushbu masalaga to‘xtalib o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni oshirish va iqtisodiyotimizni yanada yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarimizning pirovard maqsadlaridan biri ham aynan ta’limga sarmoya qilishga qo‘shimcha moliyaviy asoslarni yaratish ekanligini ta’kidlab o‘tdilar”, deya qo‘shimcha qilgan xalq ta’limi rahbari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?