Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryoga tashrifi boshlandi

12:31 30 Aprel 2019 Siyosat
596 0

Arxiv foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish va istiqboldagi rejalarni belgilab olish maqsadida 30 aprel kuni Surxondaryo viloyatiga keldi.

Davlatimiz rahbari 2018 yil 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida koʻplab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, tuman va shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlari koʻlamini sifat jihatdan kengaytirish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm, xizmat koʻrsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.

Oʻtgan davr mobaynida mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan bir muncha ishlar amalga oshirildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi hamda xizmat koʻrsatish va servis yoʻnalishlarida umumiy qiymati 3 trillion 12 milliard 994 soʻmlik 423 ta loyiha ishga tushirilib, 7 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.

Davlatimiz rahbari belgilab berayotgan vazifalar ijrosiga muvofiq vohada sement ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Granit va gabbro toshlarini qazib olib, qayta ishlaydigan korxona barpo etildi. Zamonaviy issiqxonalar qurilib, turli ziroatlar yetishtirish, chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirishga, taʼlim, tibbiyot sohalarini rivojlantirish, aholini arzon, sifatli uy-joy bilan taʼminlashga eʼtibor yanada kuchaydi. Qurilish-bunyodkorlik ishlari koʻlami kengaydi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish muhim vazifa sifatida belgilab olindi. Jumladan, joriy yilning birinchi choragi yakuni bilan viloyat boʻyicha 23,6 million dollar qiymatidagi 42 ta toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.Sanoat sohasida 16,2 million dollar, qishloq xoʻjaligida 3,62 million hamda xizmat koʻrsatish va servis sohasida 3,16 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi.

Viloyatda yangi loyihalarni ishga tushirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar vohaning hududiy eksport salohiyatini oshirishda muhim oʻrin tutmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi choragida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan hududiy eksport hajmi 131,5 foizga bajarildi. Yoki oʻtgan yilning dastlabki choragida 17 ming 763,3 dollar qiymatidagi mahsulot chetga joʻnatilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 23 ming 365,9 dollarni tashkil etdi. Dunyoning turli davlatlariga 20 634,9 dollar qiymatidagi meva-sabzavot, 483 ming 800 dollar hajmidagi parrandachilik, 2 ming 731 dollar qiymatidagi sanoat va boshqa mahsulotlar eksport qilindi.

Joriy yilda viloyatning eksportyor korxonalari 164 ming 981,9 dollar qiymatidagi mahsulot va xizmatlarni eksport qilishni moʻljallamoqda.

Tashrif davomida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalar taqdimotlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?