Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi iyun oyida boʻlib oʻtadi

19:15 14 Fevral 2020 Siyosat
156 0

Arxiv surat

Toshkent shahrida Tashqi ishlar vazirligi matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda qatnashgan Tashqi ishlar vaziri birinchi oʻrinbosari Ilhom Neʼmatovning maʼlumot berishicha, Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga tashrifi 2020-yil iyun oyining ikkinchi yarmida boʻlib oʻtadi.

“Tashrifga yaxshiroq tayyorlanish maqsadida uni iyun oyining ikkinchi yarmida oʻtkazishga kelishib oldik”, — dedi Ilhom Neʼmatov.

Tashrif davomida 88ta tadbir boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Ular plenar forum, taʼlim forumi va boshqa tadbirlarni oʻz ichiga olgan.

Eslatib oʻtamiz, shu yilning 5-fevralida Oʻzbekiston prezidentining Moskvaga tashrifi boʻlib oʻtishi rejalashtirilgandi. Ammo keyinroq bu tashrif nomaʼlum muddatga qoldirilgandi.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Muloqot chogʻida oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilingan. Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi kun tartibini tayyorlash, jumladan, tashrif doirasida navbatdagi hududlar va rektorlar anjumanlarini, media-forum va boshqa tadbirlarni oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?