Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi muhokama qilindi

15:57 17 Aprel 2019 Jamiyat
356 0

17 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiya hamraisi, Fransiya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar vaziri huzuridagi Davlat kotibi Jan-Batist Lemuan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 8-9 oktabr kunlari Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi hamda oʻzaro manfaatli barcha sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Koʻpqirrali hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi alohida taʼkidlandi. Fransiya Oʻzbekistonning Yevropadagi yirik savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi. 2018 yil yakuniga koʻra, ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo hajmi 19,1 foizga oʻsdi. Madaniy, gumanitar, turizm, taʼlim va boshqa sohalarda hamkorlik faollashdi.

Samarqand shahrida 16 aprel kuni oʻz faoliyatini boshlagan Fransiya Faxriy Konsulligining ochilishi ushbu yoʻnalishlardagi aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jan-Batist Lemuan Samarqand va Toshkent viloyatlariga tashrifidan olgan taassurotlari toʻgʻrisida soʻzlab berdi. Davlat kotibi mazkur viloyatlarda Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi va muvaffaqiyatli hamkorlik uchun yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirdi.

Suhbat davomida 2019 yili boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston — Fransiya uchrashuvlari jadvali, jumladan, siyosiy maslahatlashuvlar va boshqa qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar, shuningdek, Afgʻonistondagi tinchlik jarayoniga koʻmaklashish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Muzokaralarda Fransiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor ishtirok etdi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston — Fransiya hujjatlarini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Davlat kotibi Jan-Batist Lemuan va Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inom Majidov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Moliya vazirining oʻrinbosari Odilbek Isakov Oliy taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiya va maxsus taʼlim sohasida hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha ahdlashuv bayonnomasi, Huquq sohasida almashinuv va hamkorlik toʻgʻrisidagi maʼmuriy kelishuv, Davlat moliyasi sohasida hamkorlik boʻyicha ahdlashuv bayonnomasini imzoladilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?