Shavkat Mirziyoyev Yunusoboddagi ichki ishlar boʻlimiga tashrif buyurdi

15:30 10 Yanvar 2019 Siyosat
911 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 yanvar kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar boʻlimiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tinchlik va sogʻlikni taʼminlasak, qolgan hamma narsaga erishamiz, deydi davlatimiz rahbari. Shu maqsadda mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jamoat tartibini taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. Keyingi ikki yilda sohaga doir 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.

Jumladan, ichki ishlar organlari barcha boʻgʻinlarining tuzilmasi va vakolatlari qayta koʻrib chiqilib, xodimlarning 65 foizi aholiga yaqin boʻlishi uchun mahallalarda ishlaydigan boʻldi. Asosiy eʼtibor jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratildi. Buning uchun profilaktika inspektorlari soni qoʻshimcha 1 ming nafarga koʻpaytirildi, ularning bevosita joylarda samarali xizmat oʻtashi uchun munosib ijtimoiy-maishiy sharoit yaratib berildi.

“Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz xonadon” tizimlari joriy etilgani, 24 soat patrullik xizmati yoʻlga qoʻyilgani natijasida odamlarda “adolat va qonun ustuvorligi”ga ishonch paydo boʻldi.

Oʻzbekiston Prezidentining 2018 yil 14 fevraldagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etildi.

Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar boʻlimida ham shunday zamonaviy tizim tashkil etilgan. Tezkor navbatchilik qismi, profilaktika boʻlinmasi, tergov boʻlinmasi, jinoyat qidiruv boʻlinmasi, pasport xizmati, psixolog faoliyati, yongʻin xavfsizligi, tez yordam, favqulodda yordam va boshqa xizmatlar bir joyda mujassamlashgan. Shuningdek, xotin-qizlar bilan yaqindan ishlash uchun ayol inspektorlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Tezkor navbatchilik qismiga hududni tunu kun nazorat qilish imkonini beradigan videokuzatuv tizimi joriy etilgan. Boʻlim tumandagi 7 ta mahallada yashovchi aholiga xizmat koʻrsatadi.

Prezidentimiz poytaxt ichki ishlar organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida tashkiliy-shtat boʻlinmasini maqbullashtirish loyihasi bilan tanishdi. Unga koʻra, ichki ishlar xodimlarining 86 foizini quyi boʻgʻinga tushirish, tuman hokimligi, prokuraturasi, soliq inspeksiyasi va boshqa idoralar bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu taklifni maʼqullab, jinoyatchilikning oldi olinishi, buni odamlar sezishi uchun pastda tizim mustahkam boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

– Profilaktika ishlari tahlilga asoslanishi kerak. Har bir huquqni muhofaza qilish organida jinoyatchilikning joyi va turi boʻyicha chuqur maʼlumot boʻlishi, buning uchun davlat idoralari, jamoat tashkilotlari muntazam birga ishlashi zarur. Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, prokuratura – hammasi xalqqa xizmat qilishi kerak. Shu bilan birga, jamiyatda ham jaholatga qarshi maʼrifat kuchli boʻlishi lozim. Muhit shunday boʻlishi kerakki, hech kim jinoyatga qoʻl ura olmasin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz profilaktika inspektorlarini faoliyat samaradorligiga qarab ragʻbatlantirish, professionallik darajasini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Profilaktika inspektorlari va ularning oʻrinbosarlarini oʻqitish, malakasini oshirish boʻyicha Toshkent davlat yuridik universitetining maxsus filialini tashkil etish zarurligini taʼkidladi.

Shu yerda tezkor navbatchilik qismidagi innovatsion texnologiyalar, ichki ishlar xodimlarining oʻzaro xabar almashishini taʼminlaydigan “Minor” dasturi, xodimlar xizmat oʻtayotgan joy toʻgʻrisida axborotni koʻrsatish va tashvish xabarini joʻnatish uchun moʻljallangan “UzGPS” tizimi haqida maʼlumot berildi.

Davlatimiz rahbari ichki ishlar boʻlimidagi yangi mutaxassislar - psixolog, voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha profilaktika inspektorlari bilan suhbatlashdi.

– Xalq bilan ishlaydigan xodimlar psixologiyani chuqur bilishi, odamlarga koʻmak, mehr berishi kerak. Jinoyatga qoʻl urgan yoshlar, xotin-qizlarning avvalo muammolarini oʻrganish, maishiy muammolari boʻlsa, masʼul tashkilotlar orqali yordam berish, ruhan qoʻllab-quvvatlash zarur. Shundagina ularning dunyoqarashi oʻzgaradi, natija boʻladi, – dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev mazkur ichki ishlar boʻlimidagi pasport xizmati xonasida boʻlib, biometrik pasportlarni rasmiylashtirish jarayonini kuzatdi. Jahon standartlari asosida tashkil etilgan tergov xonasini koʻzdan kechirdi.

Ichki ishlar boʻlimi bazasida joylashgan favqulodda xizmatlarni tezkor boshqarishning yagona tizimi faoliyati amaliy koʻrsatib berildi. Bunga “Qutqarish xizmati – 1050”, “Yongʻin xavfsizligi – 101”, “Tez yordam – 103”, “Qoʻriqlash – 102” ekipaji, shtatdagi texnika va anjomlari bilan namoyish etildi. Bu favqulodda holatlarni tezkor bartaraf etishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz jamoat xavfsizligini taʼminlashning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, jumladan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga zamonaviy vertolyotlar ajratish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xalqimiz tinchligi va xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkaziladi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?