Tibbiy yordam sifati va koʻlamini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi

16:50 25 Fevral 2020 Siyosat
415 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-fevral kuni sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish boʻyicha galdagi muhim vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari faoliyatining ilk kunlaridan tinchlik va sogʻlikni taʼminlashni ijtimoiy hayotimizning eng muhim yoʻnalishlari etib belgilagan edi. Oʻtgan yillarda bu borada ulkan islohotlar amalga oshirildi.

2018-yil 7-dekabrdagi Prezident farmoniga muvofiq, 2019-2025-yillarda Sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda tegishli dastur tasdiqlandi. Barcha hududlarda shifoxonalar bunyod etilib, zamonaviy jihozlanmoqda. Davlat muassasalari bilan bir qatorda xususiy tibbiyot yoʻnalishi ham jadal rivojlanmoqda. Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga koʻpaytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli oʻtgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.

Odamlar eng koʻp murojaat qiladigan shoshilinch va tez yordam yoʻnalishida markazlashgan yaxlit tizim yaratildi. Tez yordam brigadalarining soni 818 tadan qariyb 2 mingtaga yetkazildi va aholiga yana-da yaqinlashtirildi. Ixtisoslashgan avtomashinalar parki yangilandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil yanvar oyida Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida sohadagi islohotlarni davom ettirib, tibbiy xizmat sifatini oshirish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish, adolat va raqobatni taʼminlash boʻyicha oʻz mulohazalarini bayon etgan edi.

Bugungi yigʻilishda ushbu vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Avvalo, ixtisoslashgan tibbiy yordam sifati va koʻlamini oshirish lozimligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda har 10 ming aholiga 23 nafar shifokor toʻgʻri kelmoqda. Mahalliy tibbiyot xodimlari koʻnikmasini oshirishga eʼtibor qaratilmayapti. Ixtisoslashgan markaz va hududiy muassasa oʻrtasida vertikal tizim shakllanmagan.

Davolanish uchun order berish tizimida ijtimoiy adolat taʼminlanmayotgani, bu jarayonda faqat davlat muassasalari ishtirok etishi raqobatni cheklayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois order berish tizimini takomillashtirish va ochiqligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Sogʻliqni saqlash sohasini moliyalashtirish tizimi tanqidiy tahlil etildi. 20-30 foiz mablagʻ samarasiz sarflanayotgani koʻrsatib oʻtildi. Yurtimizda birlamchi tibbiy-sanitariya uchun ajratilayotgan mablagʻ ulushi 35-40 foizni tashkil etadi. Xorijda esa bu koʻrsatkich 60 foizdan oshadi.

Davlat va xususiy tibbiyot uchun teng shart-sharoit, raqobat muhiti yaratilmagan. Moliyalashtirishda elektron tizimning yoʻqligi mablagʻlar unumdorligini tahlil qilish imkonini bermayapti.

Sohani moliyalashtirishni takomillashtirish, majburiy tibbiy sugʻurtaga oid qonunlar qabul qilib, uni bosqichma-bosqich joriy etish muhimligi aytildi.

Kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham kamchiliklar mavjud. Masalan, faqat 12 ta oliy taʼlim muassasasi uzluksiz kasbiy malaka oshirish huquqiga ega. Hozirda 50 foiz shifokor malaka oshirish bilan qamrab olinmagan.

Shu bois mazkur tizimni qayta koʻrib chiqib, bu boradagi qamrovni kengaytirish, malaka oshirish kurslarini Qoraqalpogʻiston va viloyatlar markazlarida tashkil etib, mutaxassislarga qulaylik yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Eskicha uslubda qolib ketgan tibbiyot kollejlari oʻrnida Ibn Sino maktablari tashkil etib, dars va amaliyotni zamon talablari asosida oʻtish zarurligi taʼkidlandi.

Joylardagi sogʻliqni saqlash boshqarmalari byurokratik tuzilma boʻlib qolgani, hududiy darajada kasalliklarni tahlil qilish boʻyicha tizimli ishlar yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi. Tuman tibbiyot birlashmasi rahbari ayni paytda markaziy shifoxona bosh shifokori boʻlgani sababli vaqti va mablagʻning asosiy qismini kasalliklarni davolashga sarflamoqda.

Davlatimiz rahbari kasalliklar profilaktikasi masalasiga alohida eʼtibor qaratib, boshqaruv idoralari ishini aynan shunga yoʻnaltirish lozimligini taʼkidladi. Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng qaror toptirish, toʻgʻri ovqatlanish va piyoda yurishning salomatlikka foydasini targʻib etish muhimligi qayd etildi.

Yigʻilishda soha mutasaddilari ushbu vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot oʻtkazdi.



Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?