Shavkat Mirziyoyev Tashkent City xalqaro biznes markazi qurilishini koʻzdan kechirdi

22:32 20 Noyabr 2018 Siyosat
2331 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 noyabr kuni Tashkent City xalqaro biznes markazi qurilishini yana bir bor koʻzdan kechirdi. 

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda. Bu yerda zamonaviy arxitektura yutuqlariga muvofiq loyihalar va davlatimiz rahbarining avvalgi tashriflari chogʻida berilgan koʻrsatmalar asosida jadal qurilish ketmoqda.

Biznes markazlar, mehmonxonalar, kongress-xol, ofislar, koʻp qavatli uylar, restoranlar va boshqa obyektlar yettita lotga ajratilgan holda bunyod etilmoqda.

Prezidentimiz besh yulduzli mehmonxonada quriladigan xonalar, zallar namunalari bilan tanishdi. Xonalarning har bir detaliga eʼtibor qaratib, ularning dizayni va qulayliklari boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Xonalar yorugʻ va bahavo boʻlishi, ularni bezashda odamlarning kayfiyatini koʻtaradigan, ochiq ranglardan foydalanish kerakligini taʼkidladi.

Mehmonxonaga tutash tarzda yana bir yirik inshoot – kongress-xoll qurilmoqda. Unda oliy darajadagi uchrashuvlar, xalqaro anjumanlar oʻtkazish uchun barcha sharoit yaratiladi. Eng soʻnggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlanadi.

Shavkat Mirziyoyev kongress-xollni xalqaro standartlar asosida qurish, yirik delegatsiyalarni qabul qilish uchun zarur qulayliklar yaratish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Prezident Gardens Residence turar joy kompleksini ham borib koʻrdi. Namuna sifatida qurilgan 2 va 4 xonali uylarni koʻzdan kechirdi.

Sakkiz gektar maydonni egallaydigan ushbu kompleks toʻqqizta koʻp xonadonli uydan iborat boʻladi. Ularni loyihalashda barcha jihatlar inobatga olingan. Bolalar, ota-onalar, mehmonlar uchun alohida qulayliklar koʻzda tutilgan.

Davlatimiz rahbari xalqimiz mana shunday zamonaviy uylarda yashashga haqli ekani, Yevropa va Osiyoning rivojlangan mamlakatlari standartlari asosida qurilgan bu uylar yurtdoshlarimizga berilishini taʼkidladi. Mazkur turar joylar xaridorlarga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar asosida taqdim etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?