Shavkat Mirziyoyev tashabbusini boshqa mamlakatlar jamoatchiligi qanday kutib oldi?

12:15 03 Oktyabr 2019 Siyosat
430 0

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nufuzini oshirishga xizmat qiladi”

Turkiy tilli davlatlarni azaldan oʻxshash madaniyat, maʼnaviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bogʻlab turadi. Bu mamlakatlar dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda oʻzaro mos yoki yaqin qarash, yondashuvlarga amal qiladi. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga toʻla javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan, taʼlim kabi sohalarda oʻzaro hamkorlik faol rivojlanmoqda.

Bunda yurtimizda keyingi uch yil ichida Prezidentimiz 
Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, ochiq va amaliy tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda vaziyat tubdan oʻzgargani, mintaqa davlatlari oʻrtasida doʻstona aloqalar yanada mustahkamlanayotgani ham muhim turtki vazifasini bajarayotir.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi xalqaro hukumatlararo tashkilot boʻlib, faoliyatining asosi turkiy tilli mamlakatlar oʻrtasida doʻstlik va qoʻshnichilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va oʻzaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan.

Ushbu tuzilmaga Ozarbayjon, Turkiya, Qirgʻiziston hamda Qozogʻiston aʼzo hisoblanar edi. Joriy yilning 
14-sentyabrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009-yil 3-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun imzolandi. Mazkur hujjatga muvofiq, Oʻzbekiston xalqaro tuzilmaning beshinchi aʼzo davlati boʻlib qoʻshildi.

“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari ushbu Kengashga aʼzo mamlakatlarning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchilariga quyidagi savollar bilan murojaat qildi:

1. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusini Sizning mamlakatingiz jamoatchiligi qanday kutib oldi?

2. Oʻzbekistonning bu qadami Kengash faoliyatiga qay darajada taʼsir etadi?

Guseyn GULIYEV,

Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

1. Fursatdan foydalanib, Oʻzbekistonni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga aʼzo boʻlishi bilan tabriklash imkoniyatini berganingiz uchun oʻzimning samimiy minnatdorligimni bildiraman. Nafaqat Ozarbayjon, balki barcha turkiy tilli mamlakatlar tabriklarimizga qoʻshiladi, deb oʻylaymiz.

Shuni qayd etish lozimki, Oʻzbekistonning Naxichevan Bitimini ratifikatsiya qilishi Kengash salohiyatini sezilarli darajada oshiradi va butun dunyoda uning ahamiyati hamda salmogʻini mustahkamlaydi.

Maxsus hujjatning qabul qilinishi va Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining Boku shahrida 15-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan yettinchi sammitida ishtiroki nafaqat Ozarbayjon, balki barcha turkiy tilli mamlakatlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Ozarbayjon xalqi haqida gap ketganda, uni hamisha qardosh Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy sohalarda erishgan muvaffaqiyatlari quvontirgan va quvontirmoqda. Mamlakatlarimizni anʼanaviy doʻstlik va hamkorlik rishtalari bogʻlab turadi.

2. Dunyo siyosatida Oʻzbekiston nufuzi yaqqol koʻrinib turibdi. Ayniqsa, Oʻzbekistonning turkiy dunyodagi ahamiyatini alohida taʼkidlash joiz. Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi asosiy davlatlardan biri hisoblanadi. Mintaqadagi biror masala uning ishtirokisiz hal etilmaydi.

Oʻzbekiston Markaziy Osiyo yuragida joylashgan. U Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afgʻoniston bilan chegaradosh. Sanab oʻtilgan mamlakatlarda koʻplab etnik oʻzbeklar yashaydi.

Oʻzbekiston barcha qoʻshni mamlakatlar bilan yaqin aloqalarni oʻrnatib, ularni qoʻllab-quvvatlab kelyapti. Zero, Oʻzbekiston tarixiy va geografik nuqtayi nazardan mintaqa hayoti faoliyatining barcha sohasini bir-biriga bogʻlaydigan halqadir. Mazkur fenomendan mintaqa farovonligi yoʻlida foydalanilmoqda. Fikrimcha, zamonaviy Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosati konsepsiyasi aynan mazkur tamoyillar asosida qurilgan. Bugungi kunda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakat va umuman, mintaqada uzoqni oʻylab olib borilayotgan siyosat tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlayapti.

Oʻzbekiston barcha turkiy davlatlar bilan savdo va madaniy-gumanitar almashinuv boʻyicha ikki tomonlama bitimlarga ega, ammo shu bilan birgalikda Oʻzbekistonda mashinasozlik, maishiy texnikalar ishlab chiqarish misli koʻrilmagan surʼatlarda rivojlanyapti. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash yuqori darajada.

Oʻzbekiston iqtisodiyoti xom ashyo resurslarini sotishga bogʻlanib qolmagan. Agar turkiy dunyo bilan integratsiya Oʻzbekiston tomonidan belgilab berilgan reja boʻyicha amalga oshirilsa, u yetkazib berish va logistikaga koʻp millionli mablagʻlarni sarflab, oʻz mahsulotlarini uzoq mamlakatlarga eksport qilishi yoki zarur tovarlarni tashqaridan import qilishiga hojat qolmaydi. Zero, turkiy davlatlarda Oʻzbekiston uchun zarur narsalarning barchasi bor.

Markaziy Osiyo mintaqasida 80 milliondan ortiq aholi yashaydi, agar buni Turkiya va Ozarbayjon hisobiga kengaytirsak, qariyb 160 — 170 million nafarlik inson salohiyati yuzaga keladi. Bu isteʼmolchilarning ulkan ommasi, demakki, oʻzbek mahsulotlarini sotish uchun katta bozor deganidir.

Ibragim JUNUSOV, 
Qirgʻiziston Respublikasining
 Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

1. Oʻzbekistonning Kengashga kirishi, haqiqatan ham, quvonchli yangilik. Bu oʻtgan yilning 3-sentyabr kuni Qirgʻizistonning Choʻlpon ota shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining oltinchi sammitida ilk bor gʻoya sifatida shakllangan edi va bugun hayotiy voqelikka aylandi. Eʼtiborlisi, tuzilmaga aʼzo davlatlar mamlakat Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining toʻlaqonli aʼzoligini olishini qisqa muddatlarda rasmiy tarzda qoʻllab-quvvatladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Shubhasiz, bu mamlakatlarning oʻzaro birdamlik va integratsiyaga ehtiyoji borligidan darak beradi. Binobarin, mazkur qaror qardosh xalqlarimiz birligini yana bir bor tasdiqlab, birgalikda iqtisodiy yuksalish, madaniy oʻxshashlik, shuningdek, bepoyon mintaqamizda tinchlik va barqarorlikka intilishdek umumiy maqsad sari birgalikda borishga tayyor ekanligimizni xalqaro hamjamiyatga namoyon etdi.

2. Mazkur tarixiy voqea asnosida Oʻzbekiston Respublikasi Turkiy Kengash faoliyatiga yangi nafas olib kiradi, turkiy tilli davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qiladi, 2018-yil Choʻlpon ota shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining oltinchi sammitida imzolangan deklaratsiyada belgilab qoʻyilgan yoʻnalishlarda aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik ravnaqiga ijobiy turtki beradi.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston tomonidan bunday muhim qarorning qabul qilinishi Kengashga Qirgʻiziston raislik qilayotgan va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimi imzolanganligining 10 yilligi nishonlanayotgan paytga toʻgʻri kelgani juda quvonarlidir.

Katta va koʻp millatli Oʻzbekiston timsolida biz oʻz tashkilotimizda chin doʻst hamda safdoshni qabul qilib olishimizga ishonchim komil.

Darxan SATIBALDI,

Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

1. Oʻzbekiston oxirgi uch yilda nafaqat Qozogʻiston jamoatchiligi, balki jahon hamjamiyati diqqat markazida turganini eʼtirof etishni istardim. Mamlakatingizda olib borilayotgan islohotlar turli, ham siyosiy, ham ekspertlik va ijtimoiy darajalarda qizgʻin qiziqishga sabab boʻlyapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning respublikaTurkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga kirishi toʻgʻrisidagi tashabbusi mamlakatimizda koʻtarinki kayfiyat bilan kutib olindi. Qozogʻistonning rasmiy bayonotida ham mazkur tashabbus qoʻllab-quvvatlandi. Jumladan, Oʻzbekistonning ushbu tuzilmaga aʼzoligi turkiy dunyoda integratsiyani mustahkamlash va oʻzaro hamkorlikning yangi ufqlariga olib chiqish uchun xizmat qilishi taʼkidlandi.

Oʻzbekistonning qarori mamlakatimiz uchun Qozogʻistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini anglatadi. Qolaversa, rasmiy Toshkent tomonidan uzoqni oʻylab qoʻyilgan ushbu qadam, ham Markaziy Osiyo, ham turkiy tilli mamlakatlar jipsligiga xizmat qiluvchi tashqi siyosat olib borilayotganidan yana bir dalolatdir.

Oʻzbekistonning Kengashga kirishi barqarorlik, yaxshi qoʻshnichilik va qardosh turkiy xalqlarning birgalikda iqtisodiy rivojlanishi uchun platforma yaratish yoʻlida mamlakat rahbariyati tomonidan olib borilayotgan siyosatning tadrijiy davomi sanaladi. Bu Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yil mart oyida Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvida boshlangan edi. Zero, u uzoq yillar davomida mintaqani birlashtirishga qaratilgan mana shunday formatdagi yuqori darajali ilk uchrashuvga aylandi. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston faqat mintaqaviy daraja bilan cheklanib qolmay, dunyoning ilgʻor mamlakatlari bilan munosabatlarni rivojlantirish uchun imkoniyat darchalarini ochyapti. Albatta, bu Oʻzbekistonning Turkiy Kengash va boshqa birlashmalar boʻyicha hamkorlari foydasiga xizmat qiladi.

2. Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga aʼzoligi, albatta, Kengash faoliyatiga turli oʻlchovlarda ijobiy taʼsir koʻrsatadi va uni faollashtiradi. Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar va Afgʻoniston bilan chegaradosh boʻlgan Oʻzbekistonning ishtiroki hamkorlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Kengash faoliyati miqyoslarini kengaytirish, birlashmaning mintaqadagi ahamiyatini oshirish imkonini beradi. Bugun Oʻzbekistonning dunyoda nafaqat chuqur islohotlarni amalga oshirayotgan, balki mintaqaviy, shu jumladan, xavfsizlik sohasidagi jarayonlarga faol kirib borayotgan davlat sifatidagi nufuzi yuksalyapti. Fikrimcha, mintaqaviy xavfsizlik masalasini rasmiy Toshkentsiz muhokama qilish kutilgan samarani bermaydi. Binobarin, Oʻzbekistonning tajribasi va imkoniyatlari birlashma faoliyatiga salmoqli hissa qoʻshadi.

Qolaversa, buning iqtisodiy ahamiyati Oʻzbekiston uchun ham, uning sheriklari uchun ham juda muhimdir. Qayd etish lozim, Qozogʻiston va Turkiya Oʻzbekistonning beshta yirik savdo sherigi qatoridan joy olgan. Bugun respublikada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli iqtisodiy islohotlar esa savdo va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirishni taqozo etadi. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashidagi ishtirok ana shunday imkoniyatlarni kengaytiradi. 2019-yil may oyida Nur-Sulton shahrida Istanbulda doimiy faoliyat yurituvchi Kotibiyatiga ega boʻlgan Qoʻshma turkiy savdo-sanoat palatasi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi turkiy tilli davlatlar ishbilarmonlik doiralari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishdir. Shuningdek, Qozogʻistonning 90 dan ziyod kompaniyalari 5-oktyabr kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Turkiy Kengashga aʼzo davlatlar Investitsiya forumida qatnashishni rejalashtiryapti. Yaʼnihozirning oʻzida biz tashkilotdagi oʻzaro amaliy aloqalarni va unda Oʻzbekiston faol qatnashayotganini koʻrmoqdamiz.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi mamlakatlari oʻrtasidagi tranzit-transport kommunikatsiyalari rivoji ham muhim rol oʻynaydi. Joriy yil iyul oyida Qozogʻiston va Oʻzbekiston hukumatlari rahbarlari ishtirokida xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan “Beynau — Akjigit — Oʻzbekiston chegarasi” avtomobil yoʻli ochildi. Bu oʻzbek mahsulotlarini Ozarbayjon va Turkiya bozorlariga chiqishi uchun yanada qisqa yoʻl beradi. Turkiya va Oʻzbekiston isteʼmol bozorlari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi mamlakatlari orasida eng yiriklari hisoblanadi. Shunday ekan, optimal transport yoʻnalishlarini ochish esa birlashmaning barcha aʼzosi uchun kun tartibidagi muhim band sanaladi.

Kengashda Oʻzbekistonning ishtiroki gumanitar nuqtayi nazardan ham tabiiy mantiq kasb etadi. Oʻzbekiston, tom maʼnoda, dunyoning turkiy mamlakatlari madaniyatlari beshigi, ilm-fan va sanʼat, hunarmandchilik markazi sifatida tan olingan. Oʻzbek xalqi oʻzining boy milliy va madaniy mulki bilan dunyo merosiga bebaho hissa qoʻshgan, qoʻshmoqda.

Shubhasiz, Oʻzbekiston Turkiy Kengashga kiruvchi mamlakatlar xalqlarini bir-birlariga yanada yaqinlashtiruvchi turizm va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ham qoʻshimcha imkoniyatlar taqdim etadi.

Mehmet Sureyya ER,

Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

1. Avvalo, Turkiy Kengash deb nomlangan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi 2009-yilda turkiy xalqlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash gʻoyasi asosida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida hamda undan tashqarida koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirish maqsadida tashkil etilganini aytib oʻtmoqchiman. Bugungi kunda mazkur Kengashning xalqaro maydonda ahamiyati va samaradorligi tobora koʻproq sezilayotgan mintaqaviy tashkilot darajasiga yetdi. Yevrosiyoning qoq markazida joylashgan, taxminan 5 million kvadrat kilometrlik jugʻrofiy maydonni tashkil etuvchi Turkiy Kengashning asosiy maqsadi aʼzo davlatlarning koʻplab sohalarda, shu jumladan, tashqi siyosat, iqtisodiyot, transport, bojxona, turizm, taʼlim, ommaviy axborot vositalari, yoshlar va sport sohalarida hamkorligini rivojlantirish hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdan iborat, deb sharhlash mumkin. Boshqa jihatdan, Kengash tashkil etilganidan beri Oʻzbekistonning unga aʼzo boʻlmagani ushbu tashkilot oldidagi ogʻriqli masalalardan biri edi.

Janob Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning Kengash aʼzoligini tashkilotning muvaffaqiyati va mustahkamlanishi nuqtayi nazaridan muhim tashqi siyosiy maqsad, deb bildi. Bundan tashqari, ota yurtimiz boʻlmish bu mamlakatda Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarish va islohotlar jarayonlarini Turkiya hayajon hamda mamnuniyat bilan kuzatmoqda. Prezident Mirziyoyev rahbarligida birodar Oʻzbekiston tashqi siyosat sohasida konstruktiv qadamlar tashlamoqda, shuningdek, Oʻzbekiston oʻz mintaqasida va undan tashqarida global tinchlik va barqarorlikni oʻrnatishga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Qardosh Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi aʼzoligiga kirishi mamlakatimiz tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻruvchi davlat arbobi sifatida qabul qilgan tarixiy va strategik qarori, deb baholandi.

Turkiya xalqi davlatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarning strategik sheriklik darajasiga yetishiga qoʻshgan hissasi va mamlakatimizga boʻlgan samimiyati uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga oʻzgacha hurmat bilan qaramoqda. Shubhasiz, Oʻzbekistonning Kengashga aʼzo boʻlishi xalqimiz tomonidan katta quvonch bilan kutib olindi.

Bu xushxabarni birinchi boʻlib Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavushoʻgʻlu “Menda bugun juda yaxshi xabar bor. Birodar Oʻzbekiston ham Turkiy Kengashga qoʻshilishga qaror qildi. Ular rasmiy ravishda Turkiy Kengash kotibiyatiga murojaat qilishdi. Bundan buyon tashkilot mintaqa miqyosida muhim ishtirokchiga aylanadi”, degan soʻzlari bilan eʼlon qildi.

2. Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan Oʻzbekiston 33 milliondan ortiq yosh hamda dinamik aholisiga ega strategik muhim mamlakatdir va Kengashga aʼzo boʻlishi, eng avvalo, ushbu tuzilmani ham mintaqaviy, ham global darajada yangi bosqichga olib chiqdi. Taʼbir joiz boʻlsa, Oʻzbekiston ishtirokida ushbu tashkilot shu paytgacha muhim boʻlib turgan kamchilikni bartaraf eta oldi: endi u, tom maʼnoda, Turkiy Kengashga aylandi. Shubhasiz, Oʻzbekistonning aʼzoligi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik darajasidagi munosabatlarga, qolaversa, tashkilotning mustahkamlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Oʻzining boy tarixi, aholisi va dinamikasi bilan Oʻzbekiston Turkiy Kengashga salmoqli hissa qoʻshishi aniq. Oʻzbekistonni jalb qilgan holda, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi iqtisodiyot, taʼlim, yoshlar va sport, turizm hamda transport sohalarida yanada turfa va samarali loyihalarni amalga oshirish uchun oʻziga xos salohiyatga ega boʻladi. Oʻzbekiston ishtirokida Turkiy Kengash yanada kuchayadi. Shu sababli tashkilot mintaqaviy va global tinchlik, barqarorlik va farovonlikka hissa qoʻshish uchun har qachongidan ham koʻproq imkoniyat va mavqega erishdi.

Oʻzbekiston har doim turkiy dunyoning markaziy qismlaridan biri boʻlib kelgan. Qolaversa, u Buyuk Ipak yoʻlidagi Samarqand, Buxoro va Xiva kabi ajoyib shaharlari bilan Turk-Islom tarixining iqtisodiy va madaniy beshigi hisoblanadi. Bundan tashqari, boy milliy va tarixiy merosi bilan dunyo sivilizatsiyasiga salmoqli hissa qoʻshgan. Oʻzbekiston bugungi kunda nafaqat markaziy jugʻrofiy joylashuvi va ortib borayotgan imkoniyatlari bilan oʻzining qardosh mamlakatlari uchun, balki butun mintaqani rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni taklif qilmoqda. Biz Oʻzbekiston va boshqa turkiyzabon davlatlar oʻrtasidagi asriy mustahkam qardoshlik rishtalari Turkiy Kengashning jipslashtiruvchi bayrogʻi ostida yanada mustahkamlanishini kutmoqdamiz.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?