Shavkat Mirziyoyev Talabalar shaharchasiga tashrif buyurdi

12:32 24 May 2019 Siyosat
905 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-may kuni Toshkentdagi Talabalar shaharchasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Talabalar shaharchasi mamlakatimizdagi yirik taʼlim va ilm-fan maskanidir. Bu yerda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, kollej va litseylar, sport majmualari joylashgan. Ikki universitetda qariyb 25 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan shaharcha hududining boshlanishida, “Beruniy” metro bekati yonida Beruniy maydoni barpo etildi. Abu Rayhon Beruniyning Texnika universiteti oldidagi haykali shu yerga koʻchirilib, atrofi obod qilindi. Allomaning buyuk merosi haqida maʼlumot beruvchi tosh lavhlar oʻrnatildi. Bular oʻziga xos majmua hosil qilib, Talabalar shaharchasi ilmiy salohiyatining yana bir ramzi boʻldi.

Davlatimiz rahbari ushbu majmuani koʻzdan kechirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 2-dekabr kuni Talabalar shaharchasiga tashrif buyurib, Innovatsion rivojlanish vazirligi uchun bino qurish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.

Shunga muvofiq bu yerda besh qavatli zamonaviy bino bunyod etilmoqda. Vazirlikda iqtisodiyot tarmoqlarining innovatsion ehtiyojlarini oʻrganish, yoshlar innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash xizmatlari, masofaviy taʼlim kurslari yoʻlga qoʻyiladi. Yangi ishlanma va texnologiyalar namoyishi, startap loyihalar iqtidorli yoshlarda ilmiy-tadqiqot koʻnikmalarini shakllantirishga yordam beradi.

Binoning birinchi qavatida kutubxona, aftiteatr, xoll, koʻrgazmalar zali joylashadi. Yuqori qavatlarda kovorking va startap hududlar, internet laboratoriyalar, anjuman zallari boʻladi. Aerokosmik laboratoriya, ustaxona, reklama agentligi ham tashkil etiladi.

– Vazirlikni bejiz Talabalar shaharchasiga joylashtirmadik. Bu yerdagi oliy oʻquv yurtlarida minglab iqtidorli yoshlar, tadqiqotchilar, olimlar bor. Ularni jalb etib, qoʻllab-quvvatlab, har bir sohada yangilik yaratish kerak. Innovatsion rivojlanish vazirligi bu borada ilmiy markaz, baza boʻlishi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda vazirlik va Jarayonlarni avtomatlashtirish milliy assotsiatsiyasi - NAPA tomonidan xorijiy markazlar bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan innovatsion texnopark taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Ushbu texnoparkda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yangi ishlanmalar yaratish va transfer qilish uchun zamonaviy sharoit yaratiladi. Yoshlarni ragʻbatlantirib, axborot texnologiyalari sohasidagi tajribali mutaxassislarning mamlakatimizga kelishiga turtki beradi.

Shavkat Mirziyoyev texnoparkda eng zamonaviy moddiy-texnik baza yaratish, kadrlar tayyorlash va ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?