Shavkat Mirziyoyev sudlar faoliyatiga doir Farmonni imzoladi

22:53 24 Iyul 2020 Hujjatlar
737 0

Shavkat Mirziyoyev “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi .

Mazkur farmonda sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan quyidagi tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda:

1. Viloyat darajasidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlari birlashtirilib, ularning negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda yagona umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;

hozirgi kunda har bir viloyat sudida 4 tadan 15 tagacha sudyalar faoliyat yuritayotgan boʻlsa, yangi tashkil etilayotgan umumyurisdiksiya sudlarida 19 tadan 47 tagacha sudya ishlaydi

Viloyat sudlarida sudyalar sonining kamligi ishlarning bir viloyatdan ikkinchisiga 20 mingdan ortiq ishlarning olib berilishiga, natijada fuqarolarning sarsongarchiligiga sabab boʻlgan.

2. Ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda respublikada samarali maʼmuriy odil sudlov tizimini yaratish. Bunda:

maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkaziladi;

tuman (shahar) maʼmuriy sudlari tugatilib, ularning negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlar tashkil etiladi.

199 ta tuman (shahar) maʼmuriy sudlari maqbullashtirilib, viloyat markazlarida 14 ta tumanlararo maʼmuriy sudlar tashkil etiladi

3. Sudda ishlarni koʻrishda inson huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanlik tamoyilini amalda roʻyobga chiqarish maqsadida jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda dastlabki eshituv institutini joriy etish.

2019-yilda 469 ta ish sudda bir necha oy koʻrilgandan keyin dastlabki tergovdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun prokurorga qaytarilgan. Endilikda ishni sudga tayinlash jarayonida 7 sutka ichida sudya mazkur masalani hal etishi mumkin boʻladi

4. Prokurorning sudda ish koʻrilishi jarayonida ishtirok etish tartibi ilgʻor xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda. Jumladan:

prokuror sud jarayonida ayblovdan voz kechgan taqdirda, reabilitatsiya asoslariga koʻra jinoyat ishini tugatish;

prokuror tomonidan taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdaginasuddan ishni oʻrganish uchun chaqirib olish;

prokurorning fuqarolik va iqtisodiy ishlarning koʻrilishida oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishini chegaralash nazarda tutilmoqda.

5. Ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali sud tizimiga “bir sud – bir instansiya” tamoyilini joriy etish. Xususan:

sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti tugatiladi;

BMT ning maxsus maʼruzachisi D.Garsiya-Sayyan, Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro ekspertlar nazorat instansiyasi mavjudligini jiddiy tanqid qilgan

bir sudda ishlarni ikki bosqichda (birinchi hamda apellyatsiya yoki kassatsiya) koʻrish amaliyotiga barham beriladi.

2019-yilning oʻzida ayni bir viloyat sudida birinchi va apellyatsiya (kassatsiya) instansiyasida koʻrilgan ishlarning 13 mingga yaqini Oliy sudda oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan

6. Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni va raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha alohida sudlov tarkibini tuzish.

2019-yilning oʻzida iqtisodiy sudlar tomonidan chet el investorlari bilan bogʻliq 3 mingga yaqin, raqobatga oid 30 dan ortiq ishlar koʻrilgan

7. Moliya vazirligiga sud tizimining sudyalari
va xodimlarining moddiy taʼminotini 2021-yil 1-yanvardan boshlab toʻliq Davlat byudjetiga oʻtkazish va ularning ish
haqini
 oshirish boʻyicha taklif kiritish topshirilmoqda.

Xorijiy davlatlarda sud tizimining moddiy taʼminoti toʻliq Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

sudlar tayinlagan jarima va davlat bojlarining 40 foizi (oʻrtacha 260 mlrd soʻm) sudning byudjetdan tashqari fondiga yoʻnaltirilmoqda va uning hisobidan oʻzlariga ish haqi berilmoqda

8. Tegishli tuman (shahar) aholi sonidan va sudlarning haqiqiy ish hajmidan kelib chiqqan holda:

4 ta tuman iqtisodiy sudlari tugatilmoqda;

Amudaryo, Nurobod, Boysun va Pastdargʻom

5 ta tuman fuqarolik sudlari tashkil etilmoqda;

Yangiyoʻl, Urgut, Soʻx, Xatirchi va Paxtakor

4 ta tuman jinoyat sudlari tashkil etilmoqda.

Boʻzatov, Taxiatosh, Bandixon va Tuproqqalʼa

Mazkur Farmonni qabul qilinishi:

sud himoyasini taʼminlashdagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishga;

sud qarorlarini qayta koʻrishning bir-birini takrorlovchi bosqichlarini bekor qilishga;

investorlar huquqlarining ishonchli sud himoyasida boʻlishini taʼminlashga;

sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari
va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?