Shavkat Mirziyoyev: Soha va tarmoqlarning hududiy rahbarlari “qotib qolgan”

12:01 18 Oktyabr 2019 Siyosat
421 0

Termiz shahrida Surxondaryo viloyati va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari, respublikadan kelgan mutasaddilar, faollar ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev soʻzining avvalida hududlardagi holatga tanqidiy baho berdi.
- Siyosatimizning mazmuni, maqsadi oddiy: mehnat qilsang, rohat koʻrasan. Davlat shu mehnatga, emin-erkin ishlashga sharoit yaratib berishi shart. Shu maqsadda qarorlar qabul qilinyapti, yoʻnalishlar belgilab berilyapti. Lekin quyi tizimda ularni bajaradigan saviyali rahbar kam. Hokim tayyorlash maktabini yaratdikmi degan savolga ijobiy javob yoʻq. Soha va tarmoqlarning hududiy rahbarlari “qotib qolgan”, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari oʻsish surʼatlari viloyatning haqiqiy salohiyati uchun hali yetarli emasligini taʼkidladi.

- Joriy yilda viloyatga uchinchi bor tashrif buyurishimizning sababi Surxondaryo misolida barcha rahbarlarga hududlarning oʻziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini hisobga olib, ularni jadal rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar va oʻsish nuqtalarini aniqlash hamda toʻliq ishga solishni koʻrsatib berishdir, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Har bir vazir, soha va tarmoqlar rahbarlariga bu yil yakunigacha va kelgusi yilda Surxondaryo uchun nimalar qilishini aniq yozib, viloyat hokimligiga taqdimot qilish boʻyicha topshiriq berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?