Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitida qanday tashabbuslarni ilgari surdi?

14:44 12 Iyun 2018 Siyosat
432 0


Ma’lumki, davlatimiz rahbari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining kengaytirilgan majlisida nutq so‘zladi.
Unda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ayrim eng dolzarb tashabbuslarni e’tiboringizga havola etamiz.

Transport hamma uchun muhim
Yurtboshimiz SHHTning Xalqaro transport-logistika assotsiatsiyasini ta’sis etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni, shuningdek, O‘zbekistonda SHHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l bo‘yicha idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvini o‘tkazishni taklif etdi.

Zero, SHHT makonining transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bugungi kunda juda muhimdir.

O‘z navbatida Prezident “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida mintaqalararo transport loyihalarini amalga oshirish dolzarb ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Sababi tashkilotga a’zo davlatlarga jahonning eng yirik bozorlariga eltadigan yangi va eng qisqa yo‘nalishlar kerak.

Binobarin, O‘zbekiston Mozori Sharif – Hirot, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l liniyalarini qurish tarafdori.

AKTsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi
Prezident har yili SHHT mamlakatlari hukumatlari va ishbilarmon doiralari ishtirokida Axborot texnologiyalari va innovatsion rivojlanish forumini o‘tkazishni taklif qildi.

Davlatimiz rahbari innovatsiya dasturlari va loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish uchun barcha sa’y-harakatlarni birlashtirishga da’vat etdi.

Mazkur sheriklik esa yuqori texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, muqobil energetika va zamonaviy tibbiyotni rivojlantirishi va keng joriy etishga qaratilishi lozim.

Turistlarga keng yo‘l
O‘zbekiston tomoni birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan tamaddunlar chorrahasi – Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” turizm universiteti tashkil etishni taklif qildi.

Bu yerda turizm sohasining eng yaxshi mutaxassislari dars berishi, barcha a’zo mamlakatlardan talabalar tahsil olishi mumkin bo‘ladi.

Yurtboshimiz, shuningdek, Jahon sayyohlik tashkiloti bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsadga muvofiq va g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etdi.

To‘siqsiz muhit
Mamlakatimiz tomonidan SHHTning mazkur anjumanida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va kooperatsiyani kuchaytirish masalasini ham ilgari surdi.

Zotan, joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonning SHHTga a’zo davlatlar, uning kuzatuvchilari va sheriklari bilan savdo hajmi o‘ttiz foizdan ziyod oshgan.

Prezidentimiz fikricha, tovar ayirboshlash hajmi yanada oshishini ta’minlash uchun eksport-import tartib-taomillarini soddalashtirish zarur.

O‘zbekiston, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida agrosanoat klasterlarini shakllantirish tarafdoridir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?