Shavkat Mirziyoyev SHHT doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdi

14:20 14 Iyun 2019 Siyosat
506 0

Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlarining keng doiradagi muzokaralari boʻlib oʻtdi. Unda tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan birga kuzatuvchi maqomidagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida mintaqaga doir dolzarb masalalarga eʼtibor qaratib, ularni hal etish boʻyicha amaliy takliflar bildirdi. Jahon bozorida raqobat keskinlashib, ekologik va demografik muvozanatsizlik yuzaga kelayotgani, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilik xavfi saqlanib qolayotganini qayd etdi.

- Bugun xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha muvofiqlashgan siyosat yuritish, mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar shakllantirish muhim, - dedi davlatimiz rahbari.

Markaziy Osiyodagi barqarorlik va ochiqlik keng hamkorlik hamda muhim mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratayotgani taʼkidlandi. “Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy” temir yoʻli qurilishi shunday muhim loyihalardan biri boʻlib, savdo aloqalari va investitsiya oqimiga kuchli turtki beradi.

Mintaqaviy xavfsizlik masalasiga eʼtibor qaratar ekan, Prezidentimiz bu koʻp jihatdan Afgʻonistondagi vaziyatga bogʻliq ekanini qayd etdi. Ushbu sammit doirasida “SHHT - Afgʻoniston” muloqot guruhining “yoʻl xaritasi” qabul qilinishi, ushbu mamlakatning mintaqaviy hamkorlikka faol jalb etilishi muhimligini taʼkidladi.

“Aqlli” qishloq xoʻjaligi va agroinnovatsiyalarni tatbiq etish sohasiga doir konsepsiya ishlab chiqish, resurs tejaydigan va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida SHHTning “yashil belbogʻi” dasturini qabul qilish taklifi bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev xalqlarimizning tarixiy-madaniy merosi targʻibotini kuchaytirish, turizm salohiyatini toʻla roʻyobga chiqarish muhimligini taʼkidlar ekan, har yili aʼzo mamlakatlar shaharlaridan birini SHHTning turistik va madaniy poytaxti deb eʼlon qilishni taklif qildi.

Davlatimiz rahbari SHHT doirasida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, yashil texnologiyalarni joriy etish, axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikni mustahkamlashga doir takliflar bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?