Shavkat Mirziyoyev: Sanoatda zamonaviy milliy kadrlarning yangi avlodi yetishib chiqyapti 

13:53 20 Noyabr 2020 Siyosat
500 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishmoqda.

Birinchi obyekt Yashnobod tumanidagi Texnopark boʻldi. Davlat rahbarining 2019-yil 1-maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yana-da rivojlantirish va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida ushbu innovatsiya texnoparki tashkil etilgan edi. Oʻtgan qisqa vaqtda bu yerda zamonaviy industriya yoʻlga qoʻyildi.

Masalan, Toshkent aviatsiya zavodi ishlab turgan 2010-yilda 50 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilib, 30 million dollarlik eksport qilingan boʻlsa, Texnoparkdagi barcha loyihalar natijasida 2021-yilda 520 million dollarlik mahsulot tayyorlanadi va 105 million dollarlik eksport qilinadi.

Shuningdek, ilgari 3 mingdan ziyod ish joylari boʻlgan, Texnoparkda 6 ming 700 ga yaqin boʻladi. Yaʼni, mahsulot ishlab chiqarish 10 barobar, eksport 3,5 barobar, ish joylari 1,7 barobar koʻpayadi.

Texnopark 7 ta blokdan iborat. Bu yerda umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Joriy yil fevralda elektron gaz hisoblagichlar korxonasi, avgustda maishiy sovutgichlar zavodi ishga tushirilgan edi. Boshqa loyihalar ham birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda.

Prezident shunday yangi quvvatlar – lift va eskalatorlar, forma va qoliplar, suv nasoslari, sanoat konditsionerlari va sovitish tarmoqlari korxonalarida ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi.

Lift korxonasida davlatimiz rahbari mahsulotlarning lokalizatsiya darajasi bilan qiziqdi. Hozirda bu koʻrsatkich 32 foiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent va boshqa shaharlardagi koʻp qavatli uylarda eng katta muammo liftlar bilan bogʻliqligini aytib, mahalliylashtirish darajasini oshirish evaziga tannarxni tushirish, eski liftlarni almashtirib, yangilariga sifatli xizmat koʻrsatish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Zamonaviy liftlarni ekspluatatsiya qilish boʻyicha kadrlar tayyorlash kerakligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari forma va qoliplar korxonasida yosh xodimlar ishini kuzatdi.

– Bunday korxonalar bir emas, bir nechta juda muhim iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni hal qiladi. Odamlarni, ayniqsa, yoshlarni ish bilan taʼminlaydi. Eng asosiysi, bugungi yutugʻimiz – sanoatda yuqori texnologiyalarni amalda ishlata oladigan zamonaviy milliy kadrlarning yangi avlodi yetishib chiqyapti, – dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev mahsulotlar sifatini ilgʻor mutaxassislar taʼminlashini, shu bois yoshlarni bunday korxonalarda ishlashga tayyorlash uchun oʻquv markazi tashkil etish zarurligini taʼkidladi.

Kelgusi yili Texnoparkda sovituvchi vitrinalar, isitish radiatorlari, oshxona texnikalari, furnitura va aksessuarlar, mis quvurlar, izolyatsiya materiallari kabi bozorbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 9 ta korxona ishga tushiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?