Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning “LUKOYL” kompaniyasi rahbarini qabul qildi

17:53 15 May 2019 Siyosat
473 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 may kuni “Oʻzbekiston nefti va gazi“ xalqaro koʻrgazmasi tadbirlarida ishtirok etish maqsadida mamlakatimizda boʻlib turgan “LUKOYL” kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakatimiz neft-gaz tarmogʻida yetakchi boʻlgan ushbu Rossiya kompaniyasi bilan samarali hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida qayd etdi.

Bugungi kunda “LUKOYL“ kompaniyasi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalarga kiritgan investitsiyalar hajmi 7,5 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.

Oʻtgan yil aprel oyida ishga tushirilgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi loyiha quvvatiga chiqdi. “Hovuzak“ va “Shodi“ konlari, shuningdek, Janubi-Gʻarbiy Hisor konlari oʻzlashtirilmoqda.

Uchrashuvda oʻzaro manfaatli hamkorlik istiqbollari, jumladan, yangi investitsiya dastur va loyihalarini tayyorlash hamda “LUKOYL” kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Vagit Alekperov Prezidentimizga samimiy qabul va qoʻshma loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

“LUKOYL“ kompaniyasi rahbari Oʻzbekiston bilan neft-gaz tarmogʻida uzoq muddatli va keng koʻlamli sheriklikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini taʼkidladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?