Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vazirini qabul qildi

15:40 07 Mart 2019 Siyosat
438 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 mart kuni Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasi hamraisi, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkinni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari, shuningdek, koʻp qirrali amaliy hamkorlik jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi aloqalar va davlat rahbarlari oʻrtasidagi ishonchga asoslangan muloqot, mamlakatlarimiz idoralari, hududlari va ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi sheriklik va almashinuvlar jadallashgani savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi samarali hamkorlikni misli koʻrilmagan darajada oshirishga xizmat qildi.

Oʻtgan yil oktabr oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Oʻzbekistonga davlat tashrifi hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitdi.

2018 yil yakunlariga koʻra oʻzaro savdo hajmi 20 foizga oshib, qariyb 6 milliard dollarga yetdi. Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida, jumladan, energetika, neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, oziq-ovqat va koʻplab boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Oʻzaro muloqotning yangi koʻp darajali formati, yaʼni ikki davlat Bosh vazirlari darajasidagi Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha qoʻshma komissiyaning tashkil etilishi, hech shubhasiz, koʻp qirrali sheriklikni kengaytirish boʻyicha erishilgan kelishuvlar samaradorligini oshirish va ularni oʻz vaqtida roʻyobga chiqarishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Oʻzaro hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari qatorida mamlakatimiz hududlarida Rossiya kompaniyalari ishtirokida agroklasterlar va logistika markazlarini tashkil etish, Oʻzbekiston meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlarini Rossiya bozoriga yirik hajmda ulgurji yetkazib berish boʻyicha yangi tizimni joriy etish, hududlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratish, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida oʻzaro almashinuvlarni kengaytirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish qayd etildi.

Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin hamda Hukumat Raisi Dmitriy Medvedevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Maksim Oreshkin Oʻzbekistonda mamlakatning barqaror taraqqiyotini taʼminlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investorlarni va tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuksak baholadi.

Rossiya oʻzaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, turli sohalarda istiqbolli qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun bundan buyon ham zarur choralar koʻrishga tayyor ekani taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?