Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisini qabul qildi

14:17 30 May 2019 Siyosat
669 0

Bugun, 30-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumat rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiyaning birinchi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedevni qabul qildi.

Prezidentimiz mehmonni samimiy qutlar ekan, strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhidagi ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanayotgani va izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Rossiya Hukumati Raisi, oʻz navbatida, samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda oliy darajadagi muntazam va samarali muloqot, Rossiya Prezidentining oʻtgan yil oktyabr oyida mamlakatimizga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarning birgalikda amalga oshirilishi koʻp qirrali Oʻzbekiston-Rossiya aloqalarini kengaytirishga, amaliy hamkorlikni aniq dastur va loyihalar bilan boyitishga xizmat qilgani taʼkidlandi.

Oʻzaro aloqalar va almashinuvlar faollashgani alohida taʼkidlandi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha “yashil yoʻlak” samarali ishlamoqda, toʻqimachilik mahsulotlarini yetkazishda soddalashtirilgan bojxona tartibi joriy etilgan.

Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha ikki tomonlama dastur doirasida hududlar va ishbilarmonlar darajasida umumiy qiymati 13 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bugun Oʻzbekistonda Rossiyaning “Gazprom”, “Lukoyl”, “Forus”, “Tatneft”, “Silovыye mashinы”, “Kamaz”, “Yevrotsement”, “Ekokultura”, “Gazprombank”, “VEB” va boshqa koʻplab yetakchi kompaniya va banklari faol ishlamoqda.

Madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanmoqda. Yaqinda mamlakatimizda Rossiya madaniyat markazining 25 yilligi keng nishonlandi, Rossiyalik vatandoshlarning mintaqaviy konferensiyasi va Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchilarining beshinchi xalqaro forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Uchrashuvda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish hamda turli iqtisodiy tarmoqlardagi ustuvor investitsiya loyihalarini jadallashtirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

“Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda atom elektr stansiyasini qurish boʻyicha strategik loyihani oʻz vaqtida va sifatli tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Savdo aloqalari va ishlab chiqarish kooperatsiyasini yanada faol rivojlantirish uchun mamlakatlarimiz hududlarining salohiyatini samarali roʻyobga chiqarish muhim ekani taʼkidlandi. Hududlar maʼmuriyati va ishbilarmon doiralar darajasida almashinuvlarni faollashtirishga kelishib olindi.

Shuningdek, ilmiy-texnik va gumanitar hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Bugun Urganch shahrida boʻlib oʻtadigan Qoʻshma komissiya birinchi majlisi boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik koʻrishda muhim bosqich boʻlishi hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilab olishga xizmat qilishi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi uzoq muddatli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama rivojlantirish, keng koʻlamli amaliy hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekani va bu boradagi intilish qatʼiyligi taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?