Shavkat Mirziyoyev: Raqobat boʻlishi kerak. Raqobat boʻlsa, sifatga intilish boʻladi

11:46 21 Dekabr 2018 Siyosat
527 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari Mirzo Ulugʻbek tumanidagi DMC xususiy klinikasiga tashrif buyurdi.

Mazkur shifo maskanida oftalmologiya, neyrojarrohlik, plastik jarrohlik, kardiologiya, pediatriya, reabilitatsiya kabi oʻn beshdan ortiq ixtisoslik boʻyicha tashxislash va davolash yoʻlga qoʻyilgan. Bu jarayonga tibbiyoti rivojlangan davlatlarda qoʻllanilayotgan amaliyot va texnologiyalar joriy etilgan.

Xususan, klinika AQSH, Germaniya, Avstriya, Yaponiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Shifokorlar Germaniya, Avstriya, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiyadagi yetakchi tibbiyot markazlarida malaka oshirgan.

Bemorlar birinchi qavatda tashxisdan oʻtkazilib, mutaxassislar maslahatini oladi. Ikkinchi qavatda jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Zarur hollarda yuqori qavatlarda yotib davolanadi.

Prezident innovatsion klinikadagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi, shifokorlar bilan suhbatlashdi. Kasalliklarni erta aniqlash va davolash, sifatga eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

- Biz nima uchun tibbiyotda xususiy tarmoqqa sharoit yaratyapmiz? Raqobat boʻlishi kerak. Raqobat boʻlsa, sifatga intilish boʻladi, davolash, xizmat koʻrsatish yaxshilanadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Klinika koʻrish qobiliyatini tiklash boʻyicha yetakchi markazlardan biridir. Bu yerda koʻz toʻr pardasi kasalliklari va patologik holatlarni tashxislash imkonini beradigan “Topcon” tamograf-angiograf tekshiruvi, neyrofiziologik reabilitatsiya, kompyuterli bioboshqaruv kabi noyob davolash usullari qoʻllaniladi.

Prezidentimiz kompyuterli bioboshqaruv xonasida ham boʻlib, bu usul orqali medikamentlarsiz davolash, ruhiy va nutqiy nuqsoni bor bemorlarni sogʻlom hayotga qaytarish mumkinligiga eʼtibor qaratdi.

Shu yerda koʻz mikrojarrohligi boʻyicha oʻquv simuliyatsion markaz tashkil etish loyihasi taqdim qilindi. Davlatimiz rahbari loyihani maʼqullab, kadrlar malakasini oshirishga xizmat qiladigan bunday simuliyatsion markazlarni tibbiyotning boshqa yoʻnalishlari va mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tashkil etish zarurligini taʼkidladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?