Shavkat Mirziyoyev quvvati 8 baravarga oshirilayotgan Toʻpolang gidroelektr stansiyasini borib koʻrdi

14:26 30 Aprel 2019 Siyosat
546 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 aprel kuni Sariosiyo tumanidagi Toʻpolang gidroelektr stansiyasini borib koʻrdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatimizda gidroenergetikani rivojlantirish uchun tabiiy sharoitga ega joylar koʻp. Bu imkoniyatdan samarali foydalanib, energiya ishlab chiqarishni koʻpaytirish iqtisodiyotimizning eng muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 2 maydagi qarori bilan 2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi belgilandi. Oʻsha yili 18 maydagi farmonga muvofiq, “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Sohada yagona texnik siyosatni amalga oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini oʻzlashtirish, mavjud gidroelektr stansiyalarni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta jihozlash va yangi quvvatlarni tashkil etishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berildi.

Shu asosda Toʻpolang gidroelektr stansiyasida ham modernizatsiya qilinmoqda. Bu yerda har biri 15 megavatt boʻlgan ikkita agregat ishlab turgan edi. Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, avvaliga Toʻpolang suv ombori toʻgʻoni 20 metrga koʻtarildi. Natijada uning sigʻimi 380 million kub metrdan 500 millionga yetkazildi. Ayni paytda jami quvvati 145 megavattli yana ikkita agregat oʻrnatish boʻyicha ish olib borilmoqda.

Bundan tashqari, har biri qariyb 38 megavatt boʻlgan Zarchob-1 va Zarchob-2 kichik gidroelektr stansiyalari ham barpo etilyapti. Shu tariqa energiya olish quvvati jami 250 megavattga yetkaziladi.

Ahamiyatlisi shundaki, bu resurslar tabiiy va qayta tiklanuvchandir. Ekologiyaga hech qanday zarar yetkazmagan holda barqaror energiya ishlab chiqarilib, sanoat korxonalari, turli idoralar va aholiga yetkazib beriladi.

Davlatimiz rahbari yangi toʻgʻon va gidroelektr stansiyani koʻzdan kechirdi.

- Bu tarixiy voqea, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Bu ishlar kelajak uchun, bolalarimiz uchun. Kelgusida Surxondaryo gidro energiya hisobidan bemalol iqtisodiyotini taʼminlasa boʻladi.

Shu yerda suv omborlari va gidroelektr stansiyalari holatini monitoring qilishga ixtisoslashgan texnik tizimlar taqdimoti ham oʻtkazildi.

Prezident suv omborlari toʻgʻonlarini mustahkamlash va doimiy nazorat qilish, xavfsizligini taʼminlash, ilmiy ishlanmalar asosida ulardan foydalanish koeffitsentini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?