Shavkat Mirziyoyev qurilish sohasida yangi tizim yaratilganini taʼkidladi

16:31 21 Dekabr 2018 Siyosat
804 0

Bugun poytaxtimizning Sergeli tumanida qurilish kranlari shunchalik koʻpki, xuddi daraxtzorga oʻxshaydi. Bu bunyodkorlik ishlari koʻlamidan, shiddatidan.

Jumladan, “Choshtepa” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 66 ta 7 qavatli uy qurilmoqda.

Davlatimiz rahbari joriy yilning iyul oyida bu yerga tashrif buyurgan, oʻsha kunlari qurilishga poydevor qoʻyilib, ishlar boshlangan edi.

Atigi besh oyda bu yerda ulkan mavze qad koʻtardi. 1 ming 176 xonadonga moʻljallangan 21 ta uy barpo etildi. Boshqa uylarning qurilishi davom etmoqda.

Turkiyaning innovatsion texnologiyalari asosida binoning tashqi devorlari harorat saqlovchi materiallar bilan qoplangan. Bu uylarni qishda issiq, yozda salqin boʻlishini taʼminlaydi.

Prezidentimiz ushbu uylardan birini kirib koʻrdi. Qurilish sohasida yangi tizim yaratilganini, bu aholini uyli qilish bilan birga koʻplab ish oʻrinlari ham ochayotganini taʼkidladi.

Mavzeda mahalla guzari ham bunyod etilgan boʻlib, unda mahalla raisi va maslahatchilari xonalari, uy-joy mulkdorlari shirkati, profilaktika inspektori xonasi, kutubxona faoliyat yuritadi.

Shavkat Mirziyoyev tumanning 8-dahasi yonida quriladigan uylar uchastkasida ham boʻldi. Bu yerda 27 ta 9 qavatli turar joy barpo etiladi, yana koʻplab oilalar uy bilan taʼminlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?