Shavkat Mirziyoyev Qozogʻistonda jabrlangan Oʻzbekiston fuqarolariga yordam koʻrsatish boʻyicha topshiriq berdi. Hukumat komissiyasi tuzildi

19:32 20 Aprel 2019 Jamiyat
488 0

2019 yil 20 aprel kuni soat 05:09da Qozogʻiston Respublikasi Jambul oblasti Korday tumanidan oʻtuvchi “Chimkent-Olmaota” yoʻnalishidagi avtomobil yoʻlining 181 kilometrida salonida 49 nafar yoʻlovchi boʻlgan avtobus yoʻl transport hodisasiga uchragan. Sodir boʻlgan yoʻl transport hodisasi oqibatida 11 nafar fuqaro vafot etgan boʻlib, ulardan 3 nafari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan. Vafot etgan fuqarolar: 1. Abduxalikov Oʻrinboy Mirxamid oʻgʻli – 04.11.1993y.t. Toshkent viloyati Oxangaron tumanida istiqomat qilgan. 2. Ermekbayeva Dilorom Abdukalikovna – 22.12.1972y.t. Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida istiqomat qilgan. 3. Kalmuratov Alisher Safarbayevich – 03.12.1988y.t. Toshkent viloyatida istiqomat qilgan.

Shuningdek, 32 nafar fuqarolar, shundan 13 nafar Oʻzbekiston fuqarolari turli darajada tan-jaroxatlari olgan, ulardan 3 nafari ogʻir ahvolda. Jabrlangan barcha fuqarolar Korday tumanidagi shifoxonaga yotkazilgan. Voqea joyiga Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻistondagi elchixonasi xodimlari zudlik bilan etib borishgan.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Respublikalarining Favqulodda vaziyatlar va Sogʻliqni saqlash vazirliklari tomonidan hamkorlikda barcha zaruriy choralar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev topshirigʻiga koʻra Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa idoralar vakillaridan iborat hukumat komissiyasi tuzilgan. Komissiya aʼzolari voqea joyiga jabrlanganlarga yordam berish va yoʻl-transport hodisasi sabablarini oʻrganish uchun chiqishgan. Hukumat komissiyasiga Qozogʻiston tomoni bilan kelishgan holda vafot etgan va jabrlanganlarni vataniga qaytarish va ularning oila aʼzolariga barcha zarur yordamni koʻrsatish boʻyicha topshiriq berilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?