Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston xalqini Ostona shahri yubileyi bilan tabrikladi

08:21 07 Iyul 2018 Siyosat
459 0

6 iyul kuni Qozog‘iston poytaxtidagi Mustaqillik saroyida Ostona shahrining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan ushbu tadbirda ishtirok etdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston rahbari ushbu tarixiy sana bilan Qozog‘iston xalqi va Prezident Nursulton Nazarboyevni tabrikladi.

“Ostona shahri yangi, mustaqil va izchil rivojlanayotgan Qozog‘istonning yorqin timsolidir. Uning qiyofasida qozoq xalqining boy madaniyati va an’analari, zamonaviy arxitektura yutuqlari mujassam. Bu shahar yirik iqtisodiy va moliyaviy markaz, xalqaro forum va uchrashuvlar uchun qulay maydon hamdir”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, 1994 yil 6 iyulda Qozog‘iston Oliy Kengashi mamlakat poytaxtini Olmaotadan Oqmolaga ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. 1997 yil 10 dekabrda Prezident Nursulton Nazarboyevning farmoniga muvofiq Oqmola shahri Qozog‘iston Respublikasining poytaxti deb rasman e’lon qilingan. 1998 yil 6 may kuni Oqmola shahrining nomi Ostona deb o‘zgartirilgan. 2008 yili qabul qilingan qonunga muvofiq “6 iyul – Poytaxt kuni” davlat bayrami etib belgilangan.

O‘tgan davrda shahar hududi ancha kengayib, zamonaviy binolar barpo etildi. Ostona mamlakatning nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy markaziga aylandi.

Bu yerda mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi tadbirlar ham o‘tkazilgan. Jumladan, Qozog‘iston poytaxti 2011 yilgi qishki Osiyo o‘yinlari, 2017 yilgi xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmaga mezbonlik qilgan.

Ostona tarixida mamlakatimiz uchun ham e’tiborga molik jihatlar ko‘p. O‘zbekiston Prezidentlari, parlament va hukumat delegatsiyalari bu yerda bir necha bor bo‘lgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22-23 mart kunlari Ostonaga davlat tashrifi bilan kelgan edi. Davlat rahbari ushbu shaharda o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti va Islom hamkorlik tashkiloti sammitlarida ham ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 noyabrda Samarqandda o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada mintaqa mamlakatlari rahbarlarining uchrashuvini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Rasmiy Ostona bu taklifni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi. Joriy yil 15 mart kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ostona shahrining 20 yillik tadbirlari yana bir samimiy muloqot maydoni bo‘ldi. Yubileyda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ham qatnashdi.

“Tantanali marosimda mamlakatimiz san’at ustalari tomonidan ham kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi. Bayram tadbiri xalqlarimiz do‘stligi, madaniy yaqinligini yana bir ifodasi bo‘ldi”, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?