Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiziston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

21:02 29 Aprel 2019 Siyosat
321 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarining kengayishi va mustahkamlanishida, turli sohalardagi serqirra hamkorlikning rivojlanishida kuzatilayotgan barqaror ijobiy tendensiyani katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, ishlab chiqarish kooperatsiyasining koʻlami kengaymoqda, energetika, transport va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlik amalga oshirilmoqda.

Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi hamda Parlamentlararo hamkorlik boʻyicha komissiya yigʻilishlari sheriklikni yanada kengaytirishda katta salohiyat va qatʼiy intilish mavjudligini koʻrsatdi.

Suhbat chogʻida ilgari erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish, hududlararo hamkorlik imkoniyatlarini toʻliq ishga solish, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish muhimligi alohida qayd etildi.

Prezidentlar mintaqaviy infratuzilma loyihalarini koʻrib chiqishga alohida eʼtibor qaratdilar. Xususan, Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish muhimligi va iqtisodiy dolzarb ekani taʼkidlandi.

Tomonlar ushbu loyihaning barcha ishtirokchilari oʻrtasida oʻzaro anglashuv mavjudligini va ular boʻlajak hamkorlikka tayyor ekanini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Muloqot soʻngida davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz farovonligi va manfaatlari yoʻlida hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?