Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayevni tabrikladi

17:57 23 Aprel 2019 Siyosat
449 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezidentimiz Qozogʻiston rahbarini joriy yil 9 iyun kuni oʻtkazilishi rejalashtirilgan navbatdan tashqari Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti sayloviga nomzod etib ilgari surilgani bilan qutladi hamda ushbu muhim siyosiy tadbirning oʻtkazilishida muvaffaqiyat tiladi.

Davlat rahbarlari Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning joriy yil 14-15 aprel kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi natijalarini yuksak baholadilar.

Erishilgan kelishuvlar hamda sanoat, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda aniq loyihalarni izchil amalga oshirish, shuningdek, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va turizm yoʻnalishlarida faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani alohida qayd etildi.

Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining ishbilarmonlikka oid tadbirlar va madaniy-gumanitar almashinuvlarga boy dasturi qardosh xalqlarimizning yanada yaqin boʻlishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Qozogʻiston Prezidenti tabrik va samimiy tilaklar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Muloqot soʻngida Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni strategik sheriklik, koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalariga tayangan holda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida yanada mustahkamlashga qatʼiy intilishlarini taʼkidladilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?