Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi “Sulton tex group” korxonasi faoliyati bilan tanishdi

23:29 13 Dekabr 2018 Siyosat
310 0

Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi “Sulton tex group” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur loyiha Oʻzbekiston Prezidentining 2016 yil 21 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan dasturdan oʻrin olgan boʻlib, davlatimiz rahbarining viloyatga avvalgi tashriflari chogʻida bajarilayotgan ishlar haqida maʼlumot berilgan edi.

Qisqa vaqtda sobiq paxta zavodiga qarashli qarovsiz yerda zamonaviy korxona barpo etildi. Shveysariya va Yaponiyadan eng soʻnggi rusumdagi tozalash, yigirish va oʻrash uskunalari keltirib oʻrnatildi. Birinchi bosqichda ip-kalava ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. 300 ga yaqin odam ish bilan taʼminlandi.

Joriy yilning oʻtgan davrida 12 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot Polsha, Turkiya, Eron, Misr kabi oʻnga yaqin mamlakatga eksport qilinib, 50 milliard soʻmlik mahsulot ichki bozorga yetkazib berildi.

Korxonada tolani tozalashdan tortib, oʻrashgacha boʻlgan barcha jarayon avtomatik tarzda boshqariladi. Bu yerdagi laboratoriyada tola va ip sifati nazorat qilib boriladi.

Davlatimiz rahbari ushbu laboratoriyani ham koʻzdan kechirdi, ishchilar bilan suhbatlashdi.

Prezidentimizning tashrifi chogʻida loyihaning ikkinchi bosqichi – yiliga 3 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatiga ega toʻquv fabrikasi faoliyatiga start berildi.

Umumiy qiymati 53 million AQSH dollaridan ziyod boʻlgan korxonaning navbatdagi bosqichlarida mato toʻqish, uni boʻyash, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Jumladan, tikuv mahsulotlari va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish fabrikasi 2019 yil yanvar oyida ishga tushiriladi. Ushbu loyihaning qiymati 3 million dollardan iborat boʻlib, ishlab chiqarish uskunalari Yevropaning ilgʻor texnologiyalaridan iborat. Fabrika ishga tushishi natijasida 700 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratilib, yiliga 9 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.

Eʼtiborli jihati, bugungi kunda korxonada eng samarali iqtisodiy tizim boʻlgan paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil qilingan boʻlib, buning uchun Qarshi tumani hududidan 10 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Yaʼni, paxta yetishtirishdan boshlab, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot qilib sotishgacha boʻlgan jarayon ushbu korxonaning oʻzida amalga oshiriladi. Bu orqali mahsulot tannarxini arzonlashtirish va sifatini oshirishga erishiladi.

Shavkat Mirziyoyev korxonaning keyingi bosqichlarini ham tezroq ishga tushirish, tayyor mahsulot turlarini va eksport geografiyasi yanada kengaytirish, paxta-toʻqimachilik klasterini takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Shu yerda Singapurning “Indorama” kompaniyasi tomonidan Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida paxta toʻqimachilik klasterlari tashkil etish, mamlakatimizning Polsha, Eron Islom Respublikasi, Buyuk Britaniyadagi elchixonalari tomonidan Qashqadaryo viloyatiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qishloq xoʻjaligi, sanoat, xizmat koʻrsatish sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan rejalar taqdimoti oʻtkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?