Shavkat Mirziyoyev Parpiyevning bo‘shatilishi haqida: Soliqda ham ko‘p o‘yinlar bo‘lgani, rahbariyati qanday ishlar bilan shug‘ullanganidan hayron qoldim

19:05 29 May 2018 Siyosat
2196 0

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Kun tartibida joriy yil uchun belgilangan tovarlar va xizmatlar eksporti rejasining bajarilish holati, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud zaxiralarni aniqlash va to‘liq ishga solish chora-tadbirlari, tovarlar va xizmatlar importini optimallashtirish, ularning narxini asossiz ravishda oshirilishini oldini olish, import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulot ishlab chiqarish qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi, joriy yilda yetishtirilgan boshoqli don ekinlarini nobudgarchiliksiz yig‘ishtirib olish, g‘o‘za parvarishida kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, suvdan samarali foydalanishda mutasaddilar va sektor rahbarlarining shaxsiy mas’uliyati va boshqa masalalar bor.

kun.uz saytining yozishicha, Yig‘ilishda davlatimiz rahbari soliq tizimini ham tanqid qilib o‘tgan.

“Eksportni qilmagan odam ertaga biz bilan ishlay olmaydi. Bu o‘sha rahbar hozirgi sharoitga munosib emasligidan dalolat beradi. 1 dollar eksport qilmagan rahbar boshi bilan javob beradi. Ob-havo sharoiti og‘ir bo‘lishini ham yil boshida aytib, tegishli topshiriqlar berganmiz. Import qanday davom etayotgan bo‘lsa, shunday davom etmoqda. Prokuratura menga hech kimni javobgarlikka tortish bo‘yicha taklif bergani yo‘q. Yana bir muhim masala — mahalliy byudjetga tushum hajmi. Davlat soliq qo‘mitasi rahbarini almashtirganim bejiz emas, sababi bizda soliq tizimi yo‘q. Hali ish ko‘p.

Soliqda ham ko‘p o‘yinlar bo‘lgani, rahbariyati qanday ishlar bilan shug‘ullanganidan hayron qoldim. Hali uni ham xalqimizga yetkazamiz. Ana shularning hisobga olib, endi tegishli mas’ul xodimlar har kuni eksport-importdan tashqari, tushum bilan ikki soatdan shug‘ullanmasa, tushumda tartib bo‘lmaydi. Soliqchining saviyasi yo‘q, desak bu ham adolatdan bo‘ladi. Shuning uchun bugun topshiriq berdim, tegishli qaror tayyorlanadi, hammasini noldan boshlash kerak — soliq tizimidagi Akademiyani ham, boshqasini ham. Quyi pog‘onadagi soliqchilar nima qilish kerak, qanday ishlash kerakligini bilmaydi. 70 foizi korrupsiya bilan bog‘liq, mana shuni hamma bilishi kerak”, - deya aytib o‘tdi Shavkat Mirziyoyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?