Shavkat Mirziyoyev: “Paxta bizga rejani bajarish uchun emas, ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadini oshirish, turmush darajasini yaxshilash uchun kerak”

09:49 05 Iyul 2018 Siyosat
501 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 iyul kuni yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergandik.

Videoselektorda mutasaddi va joylardagi rahbarlar jam bo‘lgani bois ayni kunlardagi yana bir dolzarb masala – g‘o‘za parvarishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Bu yil ob-havoning quruq va salqin kelishi sababli g‘o‘za rivoji 10-15 kunga, ba’zi joylarda 20-25 kunga kechikkani qayd etildi. G‘o‘za parvarishidagi qoloqlikni bartaraf etish, kafolatlangan hosil yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bu yil davlat tomonidan oldingi yillarda bo‘lmagan barcha sharoitlar yaratib berildi, endi fermerlar ham shunga yarasha javob qilishi kerak. Oldingidek rejaning ortidan quvib, daromadni o‘ylamaydigan, hisob-kitobsiz ish qiladigan fermer bizga kerak emas. Paxta bizga rejani bajarish uchun emas, ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadini oshirish, turmush darajasini yaxshilash uchun kerak, dedi Prezident.

Yig‘ilishda 5 iyuldan 5 sentyabrga qadar “hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi” e’lon qilindi. Bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?