Shavkat Mirziyoyev: Oliy sportda erishilgan yutuqlar bilan chegaralanmasdan, ommaviy sportga ham katta eʼtibor berishimiz kerak

21:12 20 Sentyabr 2018 Siyosat
1386 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Bu haqda Oʻzbekiston Prezidentining Matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Maʼlumki, joriy yil 5 mart kuni davlatimiz rahbarining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan edi. Farmonga muvofiq, ilgarigi davlat qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etilib, uning vazifa va vakolatlari kengaytirildi.

Sportchilarni tanlab olish – seleksiya ishlarini takomillashtirish boʻyicha yangi tizim joriy etilib, bu oʻzining dastlabki natijalarini bera boshladi.

Avgust-sentyabr oylarida Indoneziyada oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlarida sportchilarimiz 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza – jami 70 ta medalni qoʻlga kiritdi. Mamlakatimiz oltin medallar soni boʻyicha 5-oʻrinni egallagani oʻzbek sporti tarixida eng yaxshi natija boʻldi.

– Biz xalqaro sport maydonlarida Oʻzbekistonning nufuzi va obroʻ-eʼtiborini oshirishga katta hissa qoʻshgan sportchilarimiz bilan faxrlanamiz. Shu bilan birga, oliy sportda erishilgan yutuqlar bilan chegaralanmasdan, ommaviy sportga ham katta eʼtibor berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha istiqboldagi muhim vazifalar belgilab berildi.

Aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullantirish ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilmagani, darsdan tashqari vaqtlarda taʼlim muassasalaridagi sport obyektlaridan barcha yoshdagi odamlarning foydalanishi tashkil etilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Bundan tashqari, joylardagi boʻsh turgan xususiy obyektlar negizida aholini ommaviy sportga jalb qilish uchun imtiyozli xizmat koʻrsatuvchi sport markazlarini tashkil etish talab etiladi.

Shu bois Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Yoshlar ittifoqi, tegishli vazirliklar bilan birgalikda taʼlim muassasalaridagi sport inshootlari hamda boʻsh turgan obyektlarda sport seksiyalarini ochish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni koʻrishi zarurligi taʼkidlandi.

Tuman, shahar, viloyat va respublika miqyosida sport musobaqalari sonini keskin koʻpaytirish, gʻolib va sovrindorlarni Yoshlar ittifoqi mablagʻlari hisobidan pullik mukofotlar bilan ragʻbatlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Aholi, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb qilish uchun “Alpomish” va “Barchinoy” testlarini musobaqa tarzida oʻtkazishni hamda uch darajadagi koʻkrak nishonlari bilan taqdirlashni joriy qilish vazifasi qoʻyildi.

Korxonalar, taʼlim muassasalari, istirohat bogʻlarida ommaviy badantarbiya va gimnastika mashgʻulotlarini oʻtkazish eʼtibordan chetda qolib ketgani qayd etildi. Bunday mashqlarning inson salomatligi uchun foydaliligini targʻib qilish maqsadida doimiy koʻrsatuv va ijtimoiy roliklar tayyorlab, televideniye orqali namoyish etish lozimligi taʼkidlandi.

– Mamlakatimizda sportni ommalashtirish boʻyicha besh yillik milliy konsepsiya ishlab chiqish zarur. Aholini jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanib, sogʻlom turmush kechirishga jalb etish, shu orqali kasalliklarning oldini olib, odamlarning umrini uzaytirish konsepsiyaning asosiy yoʻnalishi va natijasi boʻlishi kerak, – dedi Prezident.

Yigʻilishda federatsiyalarning ishi sustligi sababli ot sporti, suzish, qilichbozlik, oʻq otish va jamoaviy sport turlari boʻyicha xalqaro musobaqalarda yaxshi natijalarga erishilmayotgani tanqid qilindi. Shu bois Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida tashkil etilayotgan olimpiya tayyorgarligi markazlarini 2020 yilga qadar foydalanishga topshirib, ularda Xitoy tajribasini qoʻllash, yaʼni sportchilarning markazda doimiy istiqomat qilib, maqsadli tayyorgarlik koʻrish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Mutasaddi rahbarlarga barcha sport federatsiyalari faoliyatini tanqidiy oʻrganib, ularning ishini, ayniqsa, seleksiya yoʻnalishini tubdan yaxshilash, rahbar kadrlarning masʼuliyatini oshirish topshirildi.

Malakali murabbiylar kamligi, xususan, qishki sport turlari boʻyicha mutaxassislar yetishmasligi qayd etildi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga murabbiylar tayyorlashni takomillashtirish, ularga litsenziya berish mexanizmini soddalashtirish vazifasi qoʻyildi.

Bolalar sporti inshootlarini barpo etish, qurilishda zamonaviy tejamkor texnologiyalardan foydalanish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan joriy yilda 56 ta sport obyektini qurib, foydalanishga topshirish, ushbu maqsadlarga 362 milliard soʻm mablagʻ sarflanishi belgilangan. Lekin 10 sentyabr holatiga koʻra, atigi 113 milliard soʻmlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan. Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qurilish ishlari orqada qolmoqda.

Tegishli vazirlik va tashkilotlarga sport obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlarini oʻz vaqtida yakunlash, Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasining 2019 yilgi manzilli dasturini shakllantirish boʻyicha topshiriq berildi.

Yigʻilishda 2020 yil Tokioda oʻtadigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik masalasi ham muhokama qilindi. Mamlakatimiz sportchilarining koʻplab litsenziyalarni qoʻlga kiritishi hamda munosib ishtirok etishi uchun tayyorgarlikni kuchaytirish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Mutasaddi rahbarlarning sohadagi muammolarni bartaraf etish, aholini ommaviy sportga keng qamrab olish, professional sportni yanada rivojlantirish boʻyicha hisobotlari eshitildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?