Shavkat Mirziyoyev Navroʻzdan keyin Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyuradi

17:07 12 Mart 2019 Siyosat
486 0

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi Savdo-iqtisodiy va texnik hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning uchinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda davlatimiz rahbarining shu yil mart oyi oxirida BAAga tashrif buyurishi maʼlum qilindi.

Xususan, BAA iqtisodiyot vaziri Sulton bin Said al Mansuriy koʻrsatilgan mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, “Biz Oʻzbekiston Prezidentining shu oyning 25-sanasida boʻladigan tashrifini sabrsizlik bilan kutyapmiz”, - deya alohida taʼkidlab oʻtdi.

Oʻz navbatida Bosh vazir oʻrinbosari Elyor Gʻaniyev ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BAAga rasmiy tashrifiga alohida tayyorgarlik ishlari olib borilayotganini aytib oʻtdi.

Qayd etish joiz, ushbu yigʻilishda investitsiyalarni kengaytirish hamda ustav kapitali bir milliard dollarlik qoʻshma investitsiya kompaniyasi investitsiyaviy portfelini shakllantirish asosiy masalalar qatoridan joy oldi. Abu-Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi hamda Oʻzbekiston tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi ushbu qoʻshma kompaniya muassislari boʻladi.

Muzokaralarda yetkazib berilayotgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish hamda ikki tomonlama savdo hajmini oshirishga alohida urgʻu berildi.

BAA tomoni Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar sharofati bilan jadal oʻsib borayotganini eʼtirof etdi.

Mubadala kompaniyasi ishtirokida geologorazvedka ishlari, uglevodorodlarni qazib olish va chuqur qayta ishlash, ADNOC va ”Oʻzbekneftegaz” oʻrtasidagi ekspertlik-maslahatlashuv boʻyicha hamkorlikni davom ettirish, Masdar kompaniyasi bilan birgalikda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi hamkorlik masalalari ham hukumatlararo komissiya yigʻilishi kun tartibidan joy oldi.

Mazkur yigʻilishda Dubay va Toshkent oʻrtasida yangi aviayoʻnalish ochilgani eʼlon qilindi. Ushbu parvozlar kechadan boshlab Fly Dubai aviakompaniyasi tomonidan yoʻlga qoʻyildi. Tomonlar mazkur qaror turizm, savdo amaliyotlari va sarmoyalarni jalb etish borasidagi oʻzaro hamkorlikni kengaytirish imkonini berishini taʼkidlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?