Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati faollari ishtirokida yigʻilish oʻtkazmoqda

12:40 01 Mart 2019 Siyosat
659 0

Namangan shahrida viloyat faollari, vazirlik va idoralar rahbarlari, nuroniylar, tadbirkorlar, yoshlar ishtirokida yigʻilish boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining oʻtgan yilgi koʻrsatkichlarini tahlil qilib, yangi vazifalarni belgilab bermoqda.

- Oʻtgan yili qanday natijalarga erishdik, odamlar hayotida nimalar oʻzgardi, degan savol hammamizni qiynashi kerak. Bu savollarga javob topish uchun har kuni izlanishimiz, zamon talablarini oʻrganib, ilm bilan, aql bilan mehnat qilishimiz zarur. Shunda iqtisodiyotimiz raqobatbardosh boʻladi. Nima degani raqobatbardosh? Chet elda bozor topish, dunyoga munosib boʻlish degani. Qachon munosib boʻladi? Ilgʻor texnologiya boʻlsa, ularni ishlata oladigan yoshlarimiz boʻlsa, sifat boʻlsa, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda 2018 yilda umumiy qiymati 1,8 trillion soʻm boʻlgan 577 ta ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlari ishga tushirilgani, investitsiyalar hajmi 1,7 barobarga oshgani qayd etildi.

Shu bilan birga, Namangan viloyatini rivojlantirish boʻyicha mavjud imkoniyatlar va rezervlar toʻliq ishga solinmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Oʻtgan yili yalpi hududiy mahsulot oʻsishi respublika koʻrsatkichidan 2 barobar past boʻlgani, qishloq xoʻjaligida mahsulot ishlab chiqarish hajmi kamaygani tanqid qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?