Shavkat Mirziyoyev: “Milliy ruh kuchli boʻlsa, iroda, jangovar salohiyat ham yuqori boʻladi

16:12 14 Yanvar 2019 Siyosat
435 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlariga muvofiq, Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 27 yilligi munosabati bilan bir guruh harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.

14 yanvar kuni ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev yigʻilganlarni Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, ularga mukofot topshirishni yuksak sharaf, deb bilishini taʼkidladi.

— Bu mukofotlar sizlarga aynan Vatan himoyachilari kunida topshirilayotganida chuqur ramziy maʼno bor. Biz bu bayramda Qurolli Kuchlarimizni, barcha askar, serjant, ofitser va generallarni, muhtaram faxriylarimizni sharaflaymiz, ularga eng ezgu tilaklarni bildiramiz. Sizlarning timsolingizda hozir butun armiyamizni, barcha harbiylarimizni qutlab turgandek boʻlyapman. Jonajon Vatanimiz himoyasi va tinchligi yoʻlidagi fidokorona xizmatingiz va jasoratingizni hammamiz yaxshi bilamiz, yuksak qadrlaymiz. Shu maʼnoda, bu mukofotlarni xalqimiz va davlatimizning Qurolli Kuchlarimizga, uning barcha shaxsiy tarkibiga koʻrsatayotgan cheksiz ehtiromi sifatida qabul qilishingizni istayman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakatimizning yangi Mudofaa doktrinasi asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy va intellektual tayyorgarligini yuksaltirish boʻyicha ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Harbiy qism va boʻlinmalarning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib, poligonlarda oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda. Harbiylarni uy-joy bilan taʼminlash, oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Mudofaa tizimida inson omili hal qiluvchi rol oʻynaydi. Oʻz qasamyodiga sodiq, keng bilim va malakaga ega, aql-zakovatli, mard va azmu shijoatli harbiylar armiyaning qudratli kuchidir. Gʻalabani taʼminlaydigan ham, shaxsiy tarkibni tarbiyalaydigan va oʻz ortidan ergashtiradigan ham shular.

— Har qanday tahdid va xatarlarga munosib zarba berishga tayyor milliy armiyamiz — xalqimiz, mamlakatimizning ishonchli va mustahkam qalqonidir. Shuning uchun biz hozirgi kunda harbiy kadrlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligi bilan birga, vatanparvarlik tarbiyasiga jiddiy ahamiyat qaratyapmiz. Yaʼni, har bir askar va serjantda, ofitser va generalda, butun shaxsiy tarkibda milliy ruh va gʻurur kuchli boʻlishi kerak. Milliy ruh, bu — yengilmas kuch. Milliy ruh kuchli boʻlsa, iroda, jangovar salohiyat ham yuqori boʻladi. Kelajakda harbiy boʻlishni orzu qiladigan botir farzandlarimiz milliy ruhni, muqaddas Vatan taqdiri uchun masʼuliyat tuygʻusini qayerdan oladi? Vatanimiz boy tarixidan, Amir Temur kabi buyuk ajdodlarimiz jasoratidan oladi. Oʻz oilasi, mehribon ota-onasi hamda el-yurtimizning ishonchi, gʻamxoʻrligi va eʼtiboridan oladi. Yoshlarga hamisha oʻrnak va namuna boʻlib kelayotgan siz kabi chinakam fidoyi harbiylardan oladi, — dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari sohada qilinadigan ishlar hali koʻpligini, harbiy-maʼmuriy sektorlar ishini takomillashtirish ustuvor vazifa boʻlib qolishini qayd etdi. Barcha boʻgʻindagi hokimiyat va boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar, taʼlim-tarbiya muassasalari, keng jamoatchilik vakillari bilan amaliy hamkorlikni yanada faollashtirish zarurligini taʼkidladi.

— Milliy armiya va harbiylarimiz xalqimizga qancha yaqin, bir tanu bir jon boʻlsa, shuncha qudratli boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Marosimda Qurolli Kuchlar safida va davlat idoralarida koʻp yillardan buyon munosib xizmat qilib kelayotgan harbiylar va rahbar xodimlarning bir guruhiga general unvonlari berilishi maʼlum qilindi.

— General boʻlish har bir harbiy xizmatchining muqaddas orzusi. Sizlarni ana shunday yuksak unvonga erishganingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Lekin shuni doim yodda tutishimiz kerakki, harbiy xizmatda va davlat boshqaruvida bundan ham yuqori martaba, bundan ham oliy unvon bor. Bu — xalqimiz, Vatanimizning ishonchiga, oʻz muqaddas burchiga doimo sodiq va munosib boʻlishdir, — dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz bir guruh harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

Mukofotlanganlar yuksak eʼtibori, harbiylar va ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

— Sizlarning yurakdan bildirgan fikrlaringizni eshitib, Vatanimiz himoyasi, haqiqatan ham, sodiq va mard, fidoyi insonlar qoʻlida ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildim. Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, yurtimiz osoyishtaligi va xavfsizligini saqlashdek masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman, — dedi Prezident.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?