Oʻzbekiston Prezidenti MDH mamlakatlari maxsus xizmatlari rahbarlarini qabul qildi

14:13 07 Noyabr 2019 Siyosat
335 0

Bugun, 7-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining Toshkentdagi yigʻilishida ishtirok etadigan delegatsiyalar boshliqlarini qabul qildi.

Prezidentimiz mehmonlarni qutlar ekan, Oʻzbekistonda MDH doirasidagi koʻp qirrali munosabatlarni, jumladan, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurash borasidagi hamkorlikni kengaytirishga muhim ahamiyat qaratilayotganini taʼkidladi.

Xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash mamlakatimizning Hamdoʻstlikda 2020-yilgi raisligining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani qayd etildi.

Tashkilotga aʼzo davlatlar maxsus xizmatlari oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish, shu jumladan tezkor axborot almashish hamda terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikni bartaraf etish boʻyicha qoʻshma tadbirlar oʻtkazish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashda, internet va boshqa axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan zoʻravonlik va radikal qarashlarni targʻib qilish maqsadida foydalanishga chek qoʻyish borasida saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Mehmonlar samimiy qabul uchun Oʻzbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, oʻz mamlakatlari rahbarlarining salom va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar.

Uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashning boshqa dolzarb masalalari ham koʻrib chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?