Shavkat Mirziyoyev Marg‘ilondagi ijodkorlar bog‘iga tashrif buyurdi

18:23 12 Iyun 2018 Siyosat
382 0

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Marg‘ilon shahrida ijodkorlar bog‘i tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Shu asosda bu yerda qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Mavjud istirohat bog‘i hududi kengaytirilib, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, gulzor va maysazorlar tashkil etildi. Bog‘ markazida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning haykali o‘rnatildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur Ijodkorlar bog‘ini borib ko‘rdi. Erkin Vohidov haykali poyiga gul qo‘ydi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shoirning oila a’zolari, yozuvchi va san’atkorlar bilan suhbatda adib ijodini o‘rganish va yoshlarga o‘rgatish, she’rlari asosida qo‘shiqlar yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Bog‘da Erkin Vohidov memorial muzeyi, yosh ijodkorlar maktab-internati, Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limi binosi, 2 ming kishilik amfiteatr, Nuroniylar maskani ham joylashgan.

Davlatimiz rahbari memorial muzeydagi eksponatlarni ko‘zdan kechirdi. Bu maskan haqiqiy ma’naviyat o‘chog‘i bo‘lishi kerakligini, bu yerga o‘quvchi va yosh ijodkorlarni ko‘proq olib kelish zarurligini ta’kidladi.

Prezidentimiz Nuroniylar maskanida mehnat faxriylari bilan suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?