Shavkat Mirziyoyev: mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yoʻq

17:59 21 Dekabr 2018 Siyosat
1309 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 15 iyun kuni Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi quriladigan hududga tashrif buyurib, uning poydevoriga tamal toshi qoʻygan edi. Bugungi kunda bino konstruksiyalari qad koʻtarib, qurilish ishlari jadal davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash, buyuk ajdodlarimizning islom rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini targʻib etishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Shunday tashabbuslardan biri - “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli rezolyutsiya qabul qilish taklifi BMT Bosh Assambleyasining 12 dekabrdagi yalpi sessiyasida barcha davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Islom sivilizatsiyasi markazi umumbashariy sivilizatsiya rivojiga benazir hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini oʻrganish, dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini avvalambor xalqimizga, dunyo hamjamiyatiga yetkazish, jamiyatda “jaholatga qarshi – maʼrifat” tamoyilini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uch qavatli markaz qadimiy madrasalarimiz uslubida quriladi. Binoning simmetrik markaziga Usmon Qurʼoni qoʻyiladi. Ikkinchi qavatda kutubxona, anjumanlar va koʻrgazma zallari boʻladi. Uchinchi qavat axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va boshqa xonalarni oʻz ichiga oladi.

Prezidentimiz qurilish jarayoni bilan tanishdi. Koʻrgazmalar zalida Oʻzbekiston tarixi davrlar boʻyicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etilishi zarurligini taʼkidladi.

- Hamma oʻz tarixini ulugʻlaydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yoʻq. Bu merosni chuqur oʻrganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam tariximiz haqida toʻla tasavvurga ega boʻlishi, katta maʼnaviyat olib ketishi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari markazni pardozlash va jihozlashni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?