Shavkat Mirziyoyev: «Makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va inflyatsiyani jilovlash – iqtisodiy islohotlar jarayonidagi bosh vazifamizdir

12:21 24 Yanvar 2020 Siyosat
973 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil va keyingi yillarda iqtisodiyot sohasida amalga oshirilishi zarur boʻlgan dasturiy va maqsadli vazifalarga koʻrsatib oʻtdi:

“Birinchidan, 2020-yilda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va inflyatsiyani jilovlash – iqtisodiy islohotlar jarayonidagi bosh vazifamizdir.

Biz, shu yildan boshlab inflyatsiyaviy targetlash tizimini joriy qilishga oʻtdik.

Bu borada Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank, Moliya vazirligi iqtisodiy oʻsish bilan inflyatsiya oʻrtasida muvozanatni taʼminlashi, tashqi xavf-xatarlarni hisobga olishi zarur.

Davlat tomonidan 37 turdagi mahsulot va xizmatlar narxining tartibga solinayotgani, erkin raqobatga salbiy taʼsir qilmoqda.

Shuni hisobga olib, endi asosiy eʼtiborni narxlarni belgilashga emas, balki korxonalar oʻrtasida sogʻlom raqobatni taʼminlash orqali, narxlarni pasaytirishga va sifatni oshirishga qaratishimiz kerak.

Xalqaro tajribani oʻrganib, raqobatni olib kirish mumkin boʻlgan monopoliya sohalariga xususiy sektor uchun yoʻl ochish va shu orqali raqobat muhitini shakllantirish lozim.

Bu borada tabiiy monopoliya va raqobat toʻgʻrisidagi qonunlarni yangilash hamda Iqtisodiyotda raqobat muhitini shakllantirish strategiyasini ishlab chiqish talab etiladi.

Isteʼmol bozorida oziq-ovqat mahsulotlari narxi barqarorligini taʼminlashning yagona yoʻli – meva-sabzavot, chorvachilik va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini koʻpaytirish hamda “daladan doʻkongacha” boʻlgan uzluksiz zanjirni yaratishdir.

Hukumat, barcha darajadagi hokimliklar bilan ushbu vazifa ijrosini toʻliq taʼminlashi kerak.

Byudjet mablagʻlarining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan, nazoratni yanada kuchaytirish zarur.

Joriy yilda davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini belgiladik. Bundan buyon xalqaro moliya tashkilotlaridan olinadigan mablagʻlarni qaytarish imkoniyati va ularning natijadorligiga jiddiy eʼtibor qaratiladi.

Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, “Davlat moliyaviy nazorati toʻgʻrisida” va “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi qonunlar loyihalarini ishlab chiqsin.

Islohotlarimizga jiddiy toʻsqinlik qilayotgan “yashirin iqtisodiyot”ga barham berilmas ekan, sogʻlom raqobat ham, qulay investitsiya muhiti ham shakllanmaydi.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, “yashirin iqtisodiyot”ning vujudga kelish omillarini chuqur tahlil qilib, unga qarshi kurashish dasturini tasdiqlasin.

Shuningdek, “yashirin iqtisodiyot” ulushi yuqori boʻlgan alkogol va tamaki bozorini tartibga solish uchun tovarlarni raqamli markirovka qilish tizimini joriy etish ishlari boshlandi.

Bu tizim kelgusida farmatsevtika mahsulotlari uchun ham qoʻllaniladi.

Vazirlar Mahkamasi qiymati 200 million dollar boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hisobiga amalga oshirilayotgan ushbu “raqamli markirovka va onlayn kassa” loyihasini, alohida nazoratga olsin.

Ikkinchidan, iqtisodiyotni yuqori surʼatlar bilan rivojlantirish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettirish zarur.

Joriy yilda 23 milliard dollarlik investitsiyalar oʻzlashtiriladi hamda 206 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi.

Jumladan, Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksida sintetik suyuq yoqilgʻi, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida azot kislotasi, ammiak va karbamid ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.

Toshkent metallurgiya zavodi, Toshkent metrosining Sirgʻali tarmogʻi, yer usti halqa yoʻlining birinchi bosqichi ishga tushiriladi.

2020-yilda oʻzlashtiriladigan investitsiyalarning salmoqli qismi, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar va kreditlar boʻlishini alohida qayd etmoqchiman.

Investorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga soliqlarni boʻlib-boʻlib toʻlash, infratuzilma yaratish xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplash mexanizmlari joriy etilmoqda.

Shuningdek, foyda soligʻini hisoblashda, yangi texnologik uskunalar xarid qilish, yangi obyektlarni qurish va modernizatsiya qilish xarajatlari boʻyicha chegirmalar kengaytirildi.

Mavjud 3 mingga yaqin davlat ishtirokidagi korxonalarni xatlovdan oʻtkazib, xususiy sektor va raqobat rivojlangan yoʻnalishlardagi korxonalarda davlat ishtirokini keskin kamaytirish choralarini koʻrish kerak.

Navoiy va Olmaliq togʻ-kon metallurgiya kombinatlari kabi yirik sanoat korxonalarida yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan birga, ushbu korxonalarni xalqaro moliya bozorining toʻlaqonli ishtirokchisiga aylantirish lozim.

Buning uchun, 2020-yilda xalqaro standartlar asosida moliyaviy hisobotlarni tuzish, zaxiralarni qayta hisoblash, korporativ oshkoralikni tatbiq etish kabi ishlarni yakunlash zarur.

Neft-gaz sohasidagi davlat korxonalarini boshqarishga xorijiy ekspertlarni jalb qilib, ularning samaradorligini oshirish va xarajatlarini optimallashtirish, qarz miqdorini kamaytirishga erishish lozim.

Vazirlar Mahkamasi ana shu vazifalarni toʻliq hisobga olib, ikki oy muddatda, Davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish, ularni boshqarish va isloh etish strategiyasini ishlab chiqsin.

Xorijiy investorlarni faol jalb etish maqsadida, joriy yil mart oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumini yuqori saviyada oʻtkazish zarur.

Investitsiya jalb qilishning samarali vositalaridan biri boʻlgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini transport, energetika, yoʻl, kommunal, tibbiyot, taʼlim kabi sohalarga keng tatbiq etish kerak.

Hozirgi vaqtda qurilish sohasi iqtisodiyotning muhim “drayver”laridan biriga aylandi. Bu sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 6 foizdan oshgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Ushbu tarmoqni yanada rivojlantirish uchun qurilishga oid normalarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish, zamonaviy qurilish texnologiyalari va materiallarini tatbiq etish, soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish zarur.

Shuningdek, tenderlar oʻtkazishning aniq mezonlarini ishlab chiqish va sohada axborot texnologiyalarini keng joriy etish kerak.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda qurilish sohasini 2025-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqsin.

Uchinchidan, bank tizimi va kapital bozorini rivojlantirish uchun bu yil keskin choralar koʻrishimiz lozim.

Afsuski, bank tizimi raqamli texnologiyalarni qoʻllash, yangi bank mahsulotlarini joriy etish va dasturiy taʼminotlar boʻyicha zamon talablaridan, 10-15 yil orqada qolmoqda.

2020-yildan boshlab har bir bankda keng koʻlamli transformatsiya dasturi amalga oshiriladi.

Bu borada banklarimizning kapital, resurs bazasi va daromadlarini oshirish alohida eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Bank tizimida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlaydigan “loyihalar fabrikasi” faoliyatini yoʻlga qoʻyishimiz lozim.

Banklarimiz xalqaro moliya bozorlariga chiqib, arzon va uzoq muddatli resurslar olib kelishi zarur. Milliy bank va Ipoteka-bank bu yil oʻz “yevrobond”larini chiqarishi maqsadga muvofiqdir.

Davlat ulushiga ega boʻlgan banklar bosqichma-bosqich strategik investorlarga sotiladi.

Bank sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi – tijorat banklarini “mijoz uchun ishlash”ga oʻrgatishdan iboratdir.

Soha uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash maqsadida, Bank-moliya akademiyasi xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda toʻliq qayta tashkil etiladi.

Shuningdek, davlat banklarida zamonaviy bank amaliyoti, menejmenti va xizmatlarini joriy qilish uchun rahbarlik lavozimlariga xorijiy yetakchi moliya institutlarining malakali mutaxassislarni jalb etish boshlandi va bu jarayon izchil davom etadi.

Banklarda axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish orqali, ularning dasturiy taʼminotlarini tubdan yangilash lozim.

Shu yil 1-iyulga qadar “kredit tarixi” axborot tizimini toʻliq ishga tushirish zarur.

Aholida bank tizimiga nisbatan ishonchni shakllantirish va banklar faoliyatiga chetdan aralashishga chek qoʻyish kerak.

Toʻrtinchidan, barqaror iqtisodiy oʻsishning eng muhim garovi – raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni koʻpaytirish, tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish hisoblanadi.

Bu yil eksportyorlarga kafillik beradigan va xarajatlarning bir qismini qoplaydigan – Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda eksportni oldindan moliyalashtirish uchun – Eksport – kredit agentligi tashkil etiladi.

Shuningdek, eksport qilishda zamonaviy sugʻurta xizmatlari joriy qilinadi, avtomobil va havo transporti xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi.

Tashqi savdo bilan bogʻliq nazorat tizimi va infratuzilmani yaxshilash zarur.

Jumladan, xorijiy tajribadan kelib chiqib, bojxona postlarida nazoratni amalga oshiruvchi bojxona, sanitariya, karantin, veterinariya va boshqa idoralar faoliyatini isloh qilish lozim.

2020-yilda 3 mingga yaqin standartlarni qabul qilish, ularning sonini 10 mingtaga va xalqaro standartlar bilan uygʻunlashish darajasini 40 foizga yetkazish zarur.

Andijon, Termiz va Qoʻngʻirot tumanlarida erkin savdo zonalarini tashkil etib, ular orqali chegara oldi savdosini rivojlantirish zarur.

Xaridorgir mahsulotlar turlarini aniqlash, ularga bozor topish va sotish bilan xususiy “treyding” kompaniyalari shugʻullanishi, buning uchun esa, savdo faoliyatini tartibga soladigan qonun loyihalari paketini ishlab chiqish lozim.

Bu tashqi savdo bilan bir qatorda, ichki bozorga ham tegishli. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish konsepsiyasini ishlab chiqsin hamda ana shu vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha tegishli qarorlarni tayyorlasin.

Mahsulotlarimizni tashqi va ichki bozorlarga yetkazish, ularning tannarxini tushirish uchun transport-logistika sohasini rivojlantirishimiz zarur.

Temir yoʻl sohasida yoʻlovchi va yuk tashish, ekspluatatsiya va xizmat koʻrsatishni bir-biridan ajratish, yaʼni tabiiy monopoliya qismini alohida, xususiy sektorni jalb qilish mumkin boʻlgan yoʻnalishlarni alohida rivojlantirish lozim.

Xalqaro ekspertlarning xulosasiga koʻra, infratuzilmani yaxshilash, mosla–shuvchan tariflar qoʻllash va yangi istiqbolli yoʻnalishlarni shakllantirish hisobidan, bizda tranzit salohiyatini hozirgi 7 million tonnadan 16 million tonnaga yetkazish imkoniyati mavjud.

Yana bir muhim masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Aholi daromadlarini oshirish, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun bizga yangi-yangi bozorlar kerak.

Buning uchun bozor iqtisodiyoti va davr talablariga mos koʻplab qonun va qarorlarni qabul qilayapmiz.

Lekin, afsuski, ularni ijro qiladigan koʻpgina amaldorlar hali ham eskicha ish uslubi, rasmiyatchilik va befarqlikdan qutulgani yoʻq.

Ochiq bozor – mahsulot sifatini oshirish, tannarxni pasaytirish, yangi texnologiyalar olib kelishga majbur qiladi, bozor islohotlarini jadal rivojlantiradi. 

Sodda qilib aytsak, jahon ishlab chiqarish zanjirlariga, dunyo bozori talablariga va iqtisodiy integratsiya jarayonlariga hamohang boʻlishimiz lozim.

Muloqot va raqobatga tayyor boʻlish uchun tarmoq rahbarlari oʻz ustida tinimsiz ishlashi shart.

Mana, nima uchun bizga iqtisodiy integratsiya kerak!

Bizning tashqi savdoga chiqadigan yuklarimizning 80 foizi Qozogʻiston, Qirgʻiz Respublikasi va Rossiyaning tranzit yoʻlaklari orqali oʻtadi.

Shuningdek, tayyor mahsulotlarimiz eksportining 50 foizi, ayrim tovarlar boʻyicha esa 80 foizi Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hissasiga toʻgʻri keladi.

Ana shu omillarni inobatga olib hamda Rossiya va Qozogʻistonga ishlash uchun borgan fuqarolarimizga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida, bugungi kunda Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish bilan bogʻliq masalalar oʻrganilmoqda.

Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish-irodasiga tayanamiz.

Shuning uchun xalq vakillari boʻlgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, oʻz zimmalariga masʼuliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak.

Vazirlar Mahkamasi ushbu yoʻnalishdagi tahliliy va kompleks baholash ishlarini yakunlab, tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga taqdim etsin.

Shu bilan birga, biz Jahon savdo tashkiloti bilan boshlangan muloqotimizni, hamda Yevropa Ittifoqi bilan Hamkorlik va sheriklik toʻgʻrisidagi yangi bitimni tuzish boʻyicha ishlarni izchil davom ettiramiz.

Shuningdek, biz boshqa xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlardagi ishtirokimizni, yanada kuchaytiramiz.

Beshinchidan, sanoat tarmoqlarini uzluksiz xomashyo va zamonaviy infratuzilma bilan taʼminlash zarur.

Iqtisodiyotning qator muhim tarmoqlari, jumladan, kimyo, neft va gaz, energetika, elektrotexnika, qurilish materiallari, zargarlik sanoatini xomashyo bilan taʼminlash uchun, avvalo, geologiya-qidiruv sohasini tubdan rivojlantirish lozim.

Shuni hisobga olib, joriy yilda istiqbolli konlarni aniqlash va mavjud zaxiralarni koʻpaytirish uchun byudjetdan 2 trillion soʻm mablagʻ ajratilmoqda.

Davlat geologiya qoʻmitasi oldiga ushbu mablagʻlarni samarali ishlatish orqali shu yilda yangi istiqbolli maydonlar va konlarni aniqlashni 35 foizga, kelgusi yilda esa 40 foizga oshirish vazifasi qoʻyiladi.

Davlat geologiya qoʻmitasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birga kamida 20 ta kon boʻyicha tayyor loyihalar toʻplamini shakllantirib, salohiyatli investorlarga taklif etishi lozim.

Shuningdek, qoʻmita uglevodorodlar va ularning zaxiralari boʻyicha hisob-kitob yuritish, toifaga ajratish va boshqarishning xalqaro tizimini amaliyotga joriy etishi kerak.

Iqtisodiy yuksalishni taʼminlash uchun barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy infratuzilma barpo etish nihoyatda zarur.

Biz keyingi 3 yilda yoʻl qurilishiga 9,8 trillion soʻm, suv tarmoqlariga – 4,6 trillion soʻm, elektr tarmoqlariga – 18,2 trillion soʻm, tabiiy gaz taʼminotiga – 1,2 trillion soʻm mablagʻ ajratdik.

Bu raqamlar – ushbu tarmoqlar uchun soʻnggi 10-15 yilda sarflangan mablagʻlardan bir necha barobar koʻpdir.

Lekin, shunga qaramasdan, zamonaviy infratuzilma yaratish, mavjud tizimni modernizatsiya qilish uchun bundan bir necha oʻn barobar koʻp mablagʻ talab etiladi.

Qanchalik qiyin boʻlmasin, biz har yili Investitsiya dasturi doirasida katta mablagʻ ajratib, bu yoʻnalishdagi ishlarni albatta jadal davom ettiramiz.

Bunga qoʻshimcha ravishda, respublika va mahalliy byudjetlarning prognozdan yuqori tushumlarining yarmini infratuzilma obyektlarini rivojlantirishga yoʻnaltirish – Moliya vazirligi va hokimlar uchun joriy yildagi asosiy vazifalardan biri boʻlishi kerak.

Qonunchilik palatasi, Hisob palatasini jalb etgan holda, ushbu mablagʻlarning maqsadli va samarali ishlatilishini joylarga chiqib, muntazam ravishda oʻrganib borishi maqsadga muvofiq”.

Iqtisodiyot sohasiga doir yana koʻplab vazifalar belgilanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?