Shavkat Mirziyoyev Xalqaro valyuta jamgʻarmasining boshqaruvchi direktorini qabul qildi

16:54 25 Aprel 2019 Siyosat
297 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 aprel kuni “Dyaoyuytay” qarorgohida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi boshqaruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari XVJ bilan keyingi yillarda jadal va tizimli tus olgan hamkorlik darajasidan mamnunligini bildirdi.

Kristin Lagard Xalqaro valyuta jamgʻarmasi kompleks iqtisodiy va tarkibiy yangilanishlarni amalga oshirish jarayonida Oʻzbekistonga zarur barcha yordamni koʻrsatishni davom ettirishga qatʼiy intilishini taʼkidladi.

XVJ Oʻzbekistonda iqtisodiy siyosatga doir, jumladan, aholi turmush darajasini izchil yaxshilashga xizmat qiladigan aniq choralarni ishlab chiqishda texnik koʻmak sohalarini faol kengaytirishga tayyor ekani qayd etildi.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi oʻz tahlillariga tayangan holda mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti holatini ijobiy baholamoqda. Xususan, yalpi ichki mahsulotning oʻsishi joriy yilda 5,5 foiz, kelasi yili esa 6 foizga yetishi kutilmoqda.

Jamgʻarma ekspertlarining fikricha, Oʻzbekiston muhim islohotlarning ilk bosqichini muvaffaqiyatli amalga oshirdi, shu jumladan, valyuta muomalasi liberallashtirildi, soliq boshqaruvi isloh qilindi va davlat statistikasi tizimi tubdan yaxshilandi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi oʻrtasidagi hamkorlikning joriy masalalari koʻrib chiqildi, uning samaradorligiga yuksak baho berildi.

Jamgʻarmaning texnik koʻmagi tufayli yangi soliq siyosati va maʼmuriyatchiligi konsepsiyasi ishlab chiqilib joriy etilgani, ”Markaziy bank va valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahriri loyihasi tayyorlangani, Oʻzbekiston Davlat byudjeti ilk bor oʻrta muddatli asosda ishlab chiqilgani, mamlakatimiz XVJ statistika maʼlumotlari tarqatishning umumiy tizimiga qoʻshilgani ijobiy baholandi.

Prezidentimiz va XVJ boshqaruvchi direktori faol hamkorlikni, avvalo, pul-kredit siyosati, bank tizimi, soliq-byudjet siyosati, toʻlov balansini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish sohalarida davom ettirishga kelishib oldilar.

Kristin Lagard Shavkat Mirziyoyevni mazmunli muhokama uchun minnatdorlik bildirdi hamda oʻzining 2019 yil iyun oyiga moʻljallangan Oʻzbekistonga tashrifi davomida muloqotni davom ettirishga umid bildirdi.

- Siz Oʻzbekiston aholisi farovonligi yoʻlida amalga oshirayotgan keng koʻlamli islohotlarni oʻz koʻzim bilan koʻrmoqchiman, - dedi Kristin Lagard.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?