Shavkat Mirziyoyev: Islom sivilizatsiyasi markazi asrlar davomida xalqimizga xizmat qiladi

17:36 20 Noyabr 2019 Siyosat
359 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markaziga yana bir bor tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari asos solgan ushbu muassasa xalqimizning boy oʻtmishini, ilm-maʼrifat rivojiga qoʻshgan katta hissasini namoyon etadigan yaxlit majmua boʻladi.

- Hamma oʻz tarixini ulugʻlaydi. Lekin bizning yurtimizdagidek boy oʻtmish, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yoʻq. Bu merosni chuqur oʻrganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam ulkan merosimiz haqida toʻla tasavvurga ega boʻlishi, katta maʼnaviyat olib ketishi zarur, - degan edi Shavkat Mirziyoyev bu yerga avvalgi tashriflaridan birida.

Markaz qurilishi va faoliyati yoʻlga qoʻyilishida ana shu maqsad asosiy mezon etib belgilandi. Qariyb ikki gektar maydonda uch qavatli koʻrkam imorat qad koʻtardi. Binoning simmetrik markazida bejirim sharqona gumbaz, toʻrt tomonida 34 metrlik peshtoqlar qurildi.

Mazmunan olganda esa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-iyundagi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz asrlar davomida jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri boʻlib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy konsepsiya ishlab chiqildi.

Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qoʻlyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob doʻkonlari joylashadi.

 

Ikkinchi qavatdagi ulkan foye markaziga Usmon Qurʼoni joylashtiriladi. Shuningdek, bu yerda Islom sanʼati muzeyi, 435 kishiga moʻljallangan konferensiya zali boʻladi. Koʻrgazmalarda Oʻzbekiston tarixi davrlar boʻyicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etiladi.

Uchinchi qavatdan esa 100 minggacha qoʻlyozmalar fondiga ega kutubxona, axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va maʼmuriy xonalar oʻrin oladi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Islom sivilizatsiyasi markazi shu yoʻnalishdagi ilmiy muassasalar uchun fundamental baza boʻladi. Bu yerda mahalliy va xorijlik mutaxassislar ilmiy tadqiqotlar olib boradi, ularning natijalari asosida qomuslar, ilmiy-ommabop toʻplamlar, telekoʻrsatuv, film va boshqa materiallar tayyorlanadi. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻqituvchi va talabalari ushbu maskanga kelib, bilimini mustahkamlaydi.

- Bu markaz asrlar davomida xalqimizga xizmat qiladi, uning har bir naqshi tarixga muhrlanadi. Shuning uchun markazning bezagi, maʼno-mazmuni islomiy va ilmiy jihatdan asoslangan, chuqur oʻylangan boʻlishi kerak. Odamlar ham oʻqib, ilm oladigan, ham yurakdan his qiladigan muhit yaratish zarur, - dedi davlatimiz rahbari.Butun dunyodan diniy ulamolar, islomshunos va tarixchi olimlar ishtirokida xalqaro anjuman tashkil etib, fikrlarini oʻrganish, takliflar ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?