Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotning tayanch nuqtalarini koʻrsatib oʻtdi

20:13 30 Aprel 2019 Siyosat
423 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Muzrabot tumanidagi “Yangiobod invest servis” xususiy korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Parranda yetti xazinaning biri, aholining kundalik isteʼmol tovarlari boʻlgan goʻsht va tuxum taʼminoti manbai. Ushbu mahsulotlarni moʻl va arzon qilish maqsadida joylarda parrandachilik korxonalari tashkil etilmoqda.

Yaqinda Muzrabot tumanida ham ana shunday kompleks ishga tushirildi. 10 gektar maydonda yettita tovuqxona, ikkita joʻjaxona va maʼmuriy binolar qurilib, 220 gektar yer ozuqa yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Natijada 500 ming bosh tovuq boqish, 1 million 735 ming dona joʻja parvarishlash imkoniyati yaratildi. 150 kishi ish bilan taʼminlandi. Shu kunlarda 1000 tonna sigʻimga ega muzlatkich omborxona foydalanishga topshiriladi.

Kelgusida tovuq goʻshtidan sosiska, par yostiq va koʻrpalar, ozuqa mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari korxona faoliyatini kengaytirish, viloyatning boshqa tumanlarida ham shunday majmualar tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Korxonada xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda biogaz va biooʻgʻit ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan. Uning natijasida majmua oʻzini gaz bilan taʼminlash imkoniga ega boʻlib, 50 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratiladi.

Shu yerda Surxondaryo viloyatida ertapishar mahsulotlar yetishtirish va eksportga chiqarish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish va qishloq xoʻjaligiga oid boshqa loyihalar taqdimoti ham oʻtkazildi.

Prezidentimiz tomorqachilik boʻyicha olib borilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratdi.

Surxondaryo viloyatida 400 mingta xonadonda 48 ming gektar yer bor. Joriy yilda birinchi ekinlardan 644 ming tonna hosil olindi. Viloyat iqlim sharoitida, kichik issiqxonalar tashkil etish orqali bemalol uch marta hosil olish, eksport qilish mumkin. Bu qariyb 150 ming gektar yerdan foydalanish bilan barobar.

Masalan, bu yil mamlakatimiz tarixida birinchi marta kartoshka eksport qilish yoʻlga qoʻyildi. Surxondaryo viloyatida 270 ming tonnadan ziyod kartoshka yetishtirildi. Uning 100 ming tonnasini eksport qilish rejalashtirilgan.

- Tomorqachilik oziq-ovqat mahsulotlarini arzon qilish, inflyatsiya darajasini pasaytirishda tayanch nuqtalardan biri. Bu orqali qancha odam ishli boʻladi, oilalarga daromad, baraka kiradi. Tomorqadan samarali foydalangan odam boqimanda boʻlmaydi, boy boʻladi. Buning uchun tizim yaratilgan, - dedi Shavkat Mirziyoyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?