Shavkat Mirziyoyev ipakchilik klasterlari tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berdi

14:09 06 May 2019 Siyosat
324 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumanidagi “Ipak gilamlar” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari ilgari surgan Besh tashabbusning beshinchisi ayollar bandligini taʼminlashga qaratilgan. Bu tashabbusni amalga oshirish uchun “Oʻzbekpaxtasanoat” va “Oʻzbekipaksanoat” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan mamlakatimizning barcha tumanlarda tikuv-trikotaj korxonalarini tashkil etish va xotin-qizlarni ishga jalb etish belgilangan.

Qoʻshtepa tumanidagi “Ipak gilamlar” korxonasi ana shunday muassasalardan biridir.

Ikki qavatli binoda xotin-qizlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Turkiyadan zarur uskunalar olib kelinib, yiliga 9 milliard soʻmlik 500 kvadrat metr ipak gilam ishlab chiqarish quvvati tashkil etilgan.

Bugun bu yerda 200 nafar xotin-qiz ishlamoqda. Mahsulotlar AQSH, Turkiya, Rossiya, Eron va boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

Ipakdan toʻqilgan gilamlarning noyobligi shundaki, yillar oʻtsa ham xususiyatini yoʻqotmaydi, aksincha, rangi yanada ochilib boradi. Shuning uchun bunday gilamlarning oʻlchami kichik boʻlsa-da, jahon bozorida juda qimmat hisoblanadi. Devoriy suratcha keladigan birgina gilamcha 500 dollargacha sotilishi mumkin.

Shu bois korxonada eksportni yiliga 500 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari korxona faoliyatini yanada kengaytirish, bu yerni Fargʻona turizm yoʻnalishiga kiritish, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarda uning rastalarini tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

- Bunday korxonalar ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan juda zarur. Birinchidan, yuzlab xotin-qizlar ish bilan taʼminlanadi. Ikkinchidan, yurtimizda bu sohada anʼana, katta imkoniyat bor. Mintaqa davlatlariga, tashqi bozorlarga esa yoʻllar ochiq. Shuning uchun Xotin-qizlar qoʻmitasi tasarrufida ipakdan mahsulotlar tayyorlash boʻyicha klasterlar tashkil etish kerak. Shunda xomashyo yetkazish ham barqaror boʻladi, tannarx ham tushadi. Pilla boqishdan to tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonda minglab xotin-qizlarimiz ishlaydi. Ishlagan ayolning turmushi, dunyoqarashi, farzand tarbiyasiga eʼtibori ham boshqacha boʻladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga bu borada tegishli qaror loyihasi ishlab chiqish, xotin-qizlar uchun ish oʻrinlarini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?